Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 84 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
⛅ +9° kechasi +8°

2024-yil 30-sentyabrning eng muhim voqealari

O‘zbekiston va AQSh kompaniyasi bilan turizm hamkorligi, O‘zbekistonning IT sanoati muhokamasi, “O‘zbekneftgaz” AJ va “CNPC” hamkorligi, MDH kuzatuvchilari O‘zMTDP vakillari bilan uchrashdi — kunning eng muhim xabarlari.

2 daqiqa o‘qiladi

2024-yil 30-sentyabrning eng muhim voqealari

O‘zbekiston va AQSHning “Warner Bros. Discovery” kompaniyasi o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik kengaymoqda

O‘zbekistonning turizm salohiyatini AQSH va Yevropa davlatlarida keng targ‘ib qilish maqsadida dunyoga mashhur “Warner Bros. Discovery” kompaniyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu loyiha doirasida 5 oy davomida kino, televideniye, sport, turizm va yangiliklar sohasida jahon yetakchisi bo‘lgan “Warner Bros. Discovery” o‘zining mashhur “Discovery Channel”, “Travel Channel”, “YouTube Channel” kanallarida O‘zbekistonning turizm salohiyati haqida 30 soniyalik videoroliklarni namoyish etadi.

Ushbu telekanallar sayohat va turizmga qiziqqan tomoshabinlar orasida ko‘proq ommalashgan.

O‘zbekistonning IT sanoati: AQSHdagi uchrashuvda yangi imkoniyatlar va hamkorliklar muhokama qilindi

Mamlakatimizda IT xizmatlari va mahsulotlari eksporti so‘nggi yillarda sezilarli darajada o‘smoqda. Davlatning raqamli iqtisodiyotga o‘tishi, IT startaplarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorliklar ushbu sohani rivojlantirishga katta turtki bo‘lmoqda. Bugungi kunda o‘zbek dasturchilari xalqaro bozor uchun turli dasturiy ta’minot yechimlarini ishlab chiqmoqda. Ular ko‘plab sohalarda, jumladan, moliya, ta’lim va sog‘liqni saqlashda ishlatiladi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQSHdagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur uchrashuvda 80 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi, ular orasida biznes vakillari, davlat xizmatchilari, blogerlar, OAV vakillari va boshqa soha mutaxassislari ishtirok etishdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ va “CNPC” neft-gaz korporatsiyasi tabiiy gaz qazib chiqarish barqarorligini ta’minlash yo‘lida hamkorlik qilmoqda

“O‘zbekneftgaz” AJ tabiiy gaz qazib chiqarish barqarorligini ta’minlash va ushbu jarayonni yanada samarali tashkil qilish uchun Xitoy Xalq Respublikasining “CNPC” neft-gaz korporatsiyasi bilan qator hamkorlik loyihalarini amalga oshirmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmati rahbari Mo‘min Ibodovning qayd etishicha, bu hamkorlik nafaqat gaz qazib olish hajmini oshirish, balki ilg‘or texnologiyalarni mamlakatimiz neft-gaz sanoatiga joriy etishni ham o‘z ichiga oladi. 

MDH kuzatuvchilari O‘zMTDP vakillari bilan uchrashdi

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashida MDHning saylovlarni kuzatish missiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Markaziy kengash raisi o‘rinbosarlari Bahodir Mamatxonov va Feruza Muhammedjanova xorijiy kuzatuvchilarga “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan bo‘lajak saylovlarda munosib ishtirok etish uchun amalga oshirilgan ishlar, jumladan, yangi saylovoldi dasturi va deputatlikka nomzodlarni shakllantirish jarayonlari haqida ma’lumotlar berdi. Shuningdek, ayni paytda qizg‘in pallaga kirgan saylovoldi tashviqotida partiya va nomzodlarning ishtiroki xususida to‘xtalib o‘tildi.