Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 84 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
⛅ +10° kechasi +9°

2024-yil 25-sentyabrning eng muhim voqealari

Prezidenti Xitoy moliya vazirini qabul qildi, “resurs” usulidan voz kechilib, “hajm” usuliga o‘tish, “Toshkent – Moskva – Toshkent" yo‘nalishi, Farg’onada “Ichki turizm yarmarkasi” — kunning eng muhim xabarlari.

2 daqiqa o‘qiladi

2024-yil 25-sentyabrning eng muhim voqealari

O‘zbekiston prezidenti Xitoy moliya vazirini qabul qildi

Samarqand shahrida o‘tayotgan OIIB Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy moliya vaziri Lan Foanni qabul qildi.

Xitoy moliya vaziri davlatimiz rahbariga Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qurilishda “resurs” usulidan voz kechilib, “hajm” usuliga o‘tish rejalashtirilgan

23 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kelasi yildan qurilishda “resurs” usulidan voz kechilib, “hajm” usuliga o‘tish rejalashtirilgan. Yangi “hajm“ usulning joriy etilishi nafaqat kelajakdagi qurilish uchun dastlabki byudjetni va uning samaradorligini aniqlashga, balki undan to‘g‘ridan-to‘g‘ri loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bosqichida foydalanishga imkon beradi. Buning natijasida loyiha-qidiruv tashkilotlarining xalqaro standartlar asosida loyihalashtirish ishlarini amalga oshirishi, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg‘or innovatsion dasturiy ta’minotlarni joriy etish imkoniyati yaratiladi.

“Toshkent – Moskva – Toshkent” yo‘nalishida yo‘lovchi poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi 

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, qariyb 4 yarim yillik tanaffusdan so‘ng "Toshkent – Moskva – Toshkent" yo‘nalishida poyezdlar harakatini amalga oshirish uchun “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” AJ da ishlab chiqarilgan zamonaviy, xalqaro talablarga to‘liq javob beradigan, kupe va platskart vagonlar hamda vagon-restoran ajratildi.

505-sonli Toshkent – Moskva poyezdi Qozog‘iston Respublikasining 17 ta, Rossiya Federatsiyasining 11 ta temir yo‘l vokzalidan o‘tib, joriy yil 27 sentyabr kuni soat 23:12 da Moskvadagi “Paveletskiy” temir yo‘l vokzaliga yetib boradi. 

Farg’onada “Ichki turizm yarmarkasi” o‘tkazildi

27-sentyabr Butun Jahon Turizm kuni munosabati bilan Farg’onada “Ichki turizm yarmarkasi” o‘tkazildi.

Yarmarkada Farg’ona viloyatida faoliyat olib borayotgan 100 dan ortiq turoperatorlar, turagentlar va joylashtirish vositalari (mehmonxona, hostel va oilaviy mehmon uylari) oliy o‘quv yurtlarining turizm fakulteti talabalari hamda ommaviy axborot vositasi vakillari ishtirok etdilar.

Shuningdek, yarmarka doirasida mahalliy ustalarning milliy hunarmandchilik mahsulotlari va rasmlari ko‘rgazmasi, ichki turizm sohasida yangi hamkorlik loyihalarining taqdimotlari, tadbirkorlar, iste’molchilar va davlat idoralari o‘rtasida B2B va B2C uchrashuvlari tashkil etilib, viloyatning sayyohlik salohiyatini oshirish yo‘llari va tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.