2024-yil 21-sentyabrning eng muhim voqealari
Deputatlikka nomzodlar ro‘yxatga olindi, davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlari, Oliy sud raisining o‘rinbosarlari saylandi, suvdan samarali foydalanish — kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

Suvdan samarali foydalanish maqsadida sohada boshqarish tizimi takomillashadi
Suvdan foydalanuvchilar va iste’molchilarga qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv ob’ektlaridan foydalanishga “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tomonidan ruxsatnoma berilishi mumkin.
Bu Senat yalpi majlisida ma’qullangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan.
Qonunchilikka kiritilayotgan qo‘shimchalarga muvofiq, fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda boshqa suv iste’molchilarining qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv olish limitlari tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tomonidan aniqlanadi.
Oliy sud raisining o‘rinbosarlari saylandi
Senat yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosarlarini saylash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasi va Oliy Majlis Senatining tegishli qaroriga asosan Ikrom To‘xtamurodovich Muslimov besh yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari – sudlov hay’ati raisi lavozimiga;
Olimjon Hamidovich Ismoilov besh yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari – sudlov hay’ati raisi lavozimiga saylandi.
Davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlari ochiq va oshkora bo‘ladi
Davlat mulkini boshqarish sohasidagi munosabatlar tartibga solinib, qulay investitsiya muhiti yaratilmoqda. Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha tizimli islohotlar davom etmoqda.
“Davlat mulkini boshqarish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan bir qator qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Deputatlikka nomzodlar ro‘yxatga olindi
Jizzax viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida Xalq deputatlari viloyat hamda tuman, shahar Kengashlari deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish masalasi ko‘rib chiqildi.
Siyosiy partiyalardan Saylov kodeksiga muvofiq “E-saylov” tizimi orqali viloyat Kengashi deputatligiga ko‘rsatilgan 200 nafar nomzodning ism-sharifi o‘qildi. Hududiy saylov komissiyasi a’zolari tomonidan nomzodlar Saylov kodeksiga mos ravishda ko‘rsatilganligi atroflicha o‘rganib chiqildi.
Muhokamalardan so‘ng viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.



