2024-yil 19-sentyabrning eng muhim voqealari
Margʻilonda “Atlas bayrami” festivali, 32 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatildi, onkologiya sohasida mutaxassislar tayyorlash, pensiya tayinlash soddalashtirilmoqda — kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

Marg‘ilonda “Atlas bayrami” festivali
Buyuk ipak yo‘lidagi qadim Marg‘ilonda “Atlas bayrami” VI xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali tantanali ravishda ochildi. Unda so‘zga chiqqan tashkilotchilar – YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, hokimlik va “Hunarmand” uyushmasi rahbarlari mazkur festival Marg‘ilon dunyoning yetakchi hunarmandlarini oltinchi bor jamuljam qilganini ta’kidlashdi. Bu gal 30 ta xorijiy davlatdan 60 nafar soha ustasi kelgani uning nufuzidan darak beradi.
Aslida “Atlas bayrami” tadbirlari avvalroq boshlangandi.
–O‘n kundan buyon festival ishtirokchisi bo‘lgan xorijiy va mamlakatimiz hunarmandlariga seminar- trening o‘tkazdik. Ularning aksariyati yoshlardir. Bundan tashqari, soha yutuq va muammolariga bag‘ishlangan ilmiy anjuman ham o‘tkazildi, – deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, san’atshunos olim Akbar Xalilov.
Sudyalar oliy kengashi: 32 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatildi
Sudyalar oliy kengashi tomonidan o‘tkazilgan ochiq tanlovlarda 503 nafar nomzod muhokama qilindi. Ularning 378 nafari sudyalik lavozimiga munosib deb topilgan, 52 nafari sudyalik lavozimiga nomunosib deb topilgan bo‘lsa, 73 nafari vakolati muddatiga boshqa sudyalik lavozimiga qayta tayinlash rad etilgan.
Bu Sudyalar oliy kengashi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida qayd etildi.
2024 yilning o‘tgan davrida 32 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilgan. Ularning 13 nafari sudyalik qasamyodini, 6 nafari Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzgan. 13 nafari o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan ozod qilindi.
MAGATE bilan hamkorlikda onkologiya sohasida mutaxassislar tayyorlanadi
Shu kunlarda Avstriya poytaxti Vena shahrida Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentligi (MAGATE) Bosh konferensiyasining 68-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudoyorov va MAGATE bosh direktori Rafael Grossi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda yana bir muhim yo‘nalish – Toshkent shahrida yangidan barpo etilgan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Fuqarolarga pensiya tayinlash jarayoni soddalashtirildi
Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi va “O‘zarxiv” agentligi o‘rtasida imzolangan Qo‘shma ko‘rsatmaga muvofiq fuqarolarga pensiya tayinlash uchun arxiv ma’lumotnomalarini taqdim qilishda fuqarolar ovoragarchiligini yanada bartaraf etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar joriy etilmoqda.
Unga ko‘ra, endilikda “O‘zarxiv” agentligi tizimidagi arxivlar fuqarolarning ish haqi va ish stajini hamda yaroqsiz holatga kelgan yoki yo‘qotilgan mehnat daftarchasidagi yozuvlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi arxiv ma’lumotnomalarini taqdim etishni qat’iy ravishda davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali ko‘rsatadi.



