Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 85 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +13° kechasi +9°

2024-yil 10-sentabrning eng muhim voqealari dayjesti

Notariat sohasini raqamlashtirish, kurash sportining xalqaro rivoji muhokamasi, Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining mamlakatimizga tashrifi yakunlandi, Hindiston jurnalida O‘zbekiston turizmi — kunning eng muhim xabarlari.

2 daqiqa o‘qiladi

2024-yil 10-sentabrning eng muhim voqealari dayjesti

Notariat sohasini raqamlashtirish – davr talabi

Samarqandda Xalqaro notariuslar ittifoqi Osiyo ishlari bo‘yicha komissiyasining 14-yalpi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Ittifoqning Osiyo ishlari bo‘yicha komissiyasi a’zolari hamda o‘ttizga yaqin davlat notariat tizimlaridan 300 nafar vakil ishtirok etdi. 

Tadbir avvalida O‘zbekiston Notarial palatasi raisi, Xalqaro notariuslar ittifoqining Osiyo ishlari bo‘yicha komissiyasi prezidenti Dilshod Ashurov komissiyaning bir yillik faoliyati hamda O‘zbekistonda keyingi yillarda notariat sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. 

Ostonada kurash sportining xalqaro rivoji muhokama qilindi

Qozog‘iston poytaxtida o‘tayotgan “V-Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari” doirasida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi va Islom birdamlik sport assotsiatsiyasi mutasaddilari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda milliy sportimiz kurashning rivojlanishi, chempionatlar, hakamlar va murabbiylarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.  

Islom birdamlik sport assotsiatsiyasi mutasaddilari kurash sporti haqida o‘zining ijobiy taassurotlarga ega ekanini bildirib, uning qoidalari umuminsoniy qadriyatlarga mosligi, halol bahosi kurashda ham, islom dinida ham eng oliy baho ekanini e’tirof etdi. 

Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining mamlakatimizga tashrifi yakunlandi

Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Mishustinning mamlakatimizga ikki kunlik rasmiy tashrifi nihoyasiga yetdi.

Yuqori martabali mehmonni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.

Hindiston jurnali O‘zbekistonda turizm sohasining rivojlanishi haqida yozdi

Hindistonda chop etiladigan “Business Central Asia” oylik jurnalining yangi sonida O‘zbekiston turizmiga bag‘ishlangan turkum maqolalar nashr etildi. “O‘zbekiston mamlakatni sayyohlik maskani sifatida tanitish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda” sarlavhali maqolada davlatimiz rahbariyati tomonidan turizm sohasini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil sa’y-harakatlar haqida so‘z yuritilgan. Jumladan, turistlar sonini 2023-yildagi 6,6 milliondan 2030-yilga kelib 15 millionga yetkazish rejalari haqida so‘z yuritilgan. Bu, amaldagi ko‘rsatkichlardan ikki barobar ko‘p.

Maqolada yangi turistik paketlar hamda xorijiy va mahalliy turistlarning sonini ko‘paytirishga qaratilgan O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga alohida e’tibor berilgan. Shuningdek, mamlakatning shimoliy-g‘arbiy qismida joylashgan “Muynak” aeroporti ekstremal turizm, jumladan parashyut sportlari uchun mashhur yo‘nalishga aylanishi mumkinligi aytilgan.