Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 84 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +10° kechasi +9°

2024-yil 2-iyulning eng muhim voqealari dayjesti

O‘zbekiston turistik jozibadorligi targ‘ib etiladi, 157 ming 422 nafar o‘quvchi sog‘lomlashtirish maydonchalarida, prezident SHHT sammitida ishtirok etadi, 12 yoshli shaxmatchimiz jahon chempionati finalida— kunning eng muhim xabarlari.

2 daqiqa o‘qiladi

2024-yil 2-iyulning eng muhim voqealari dayjesti

BAAning yetakchi blogerlari tomonidan O‘zbekiston turistik jozibadorligi targ‘ib etiladi

Turizm qo‘mitasi va O‘zbekistonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonasi bilan hamkorlikda joriy yilning 25-30-iyun kunlari umumiy obunachilari soni 5 milliondan ortiq bo‘lgan blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad arab davlatlarida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, milliy hunarmandchiligi va gastronomiyasiga oid turkum kontentlar tayyorlash va mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini taniqli shaxslar ishtirokida targ‘ib qilish hamda ushbu davlatdan tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini oshirishdir.

157 ming 422 nafar o‘quvchi sog‘lomlashtirish maydonchalarida

Bolalarning maroqli dam olishini ta’minlash maqsadida hududlardagi 1 ming 105 ta maktabda 1-7-sinflardagi 174 ming 297 nafar o‘quvchi uchun sog‘lomlashtirish maydonchalari (bepul) tashkil etilgan. Bunda o‘quvchilar uchun sportning voleybol, futbol, basketbol turlari, madaniyat va san’atning “Tasviriy san’at”, “Raqs”, “Qo‘g‘irchoq teatri”, “Karaoke orqali qo‘shiq aytish”, IT yo‘nalishining “Yosh dasturchi”, “Kibersport”, “Kompyuter dizayn va grafikasi” va ingliz tili to‘garaklari, “Yoz-2024” sport musobaqalari, “Ta’til sport bilan tatir” onlayn tanlovi, “Mening yozgi ta’tilim” mavzusida insholar tanlovi tashkil qilinadi hamda bolalarga mo‘ljallangan qiziqarli kino va multfilmlar namoyish etiladi.  

Joriy yilda sog‘lomlashtirish maydonchalariga 157 ming 422 nafar o‘quvchi jalb qilingan.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SHHT sammitida ishtirok etadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi va "SHHT plyus" formatidagi uchrashuvda ishtirok etish uchun 3-4 iyul kunlari amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘ladi.

Sammit kun tartibidan SHHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va tashkilot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan. Xalqaro va mintaqaviy hamkorlikning muhim jihatlari ham ko‘rib chiqiladi.

12 yoshli shaxmatchimiz jahon chempionati finalida

Gruziyaning Batumi shahrida 8-12 yoshli shaxmatchilar o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionati hal qiluvchi pley-off bosqichiga kirdi. Qiziqarli kechgan yetti turdan so‘ng barcha yosh toifalarida medallarga asosiy da’vogarlar nomi aniqlandi.

Oltita yosh toifasida sovrindorlikka nomzodlar qatorida o‘zbekistonlik Biloliddin Obidovning borligi mamlakatimiz jahon shaxmatiga yana bir iste’dod egasini yetishtirib berganidan dalolat.  

Jahon chempionatida Biloliddin Obidov 12 yoshlilarning ”A” guruhida yetakchilikka erishib, xitoylik Xaomin Ku bilan oltin medalga kim haqliroq ekaniga oydinlik kiritadi.