2024-yil 1-iyulning eng muhim voqealari dayjesti
Guterrish Oliy Majlisda, Parij Olimpiadasiga 19 ta yo’llanma, oziq-ovqat narxlari pastladi, Osiyo-Okeaniya chempionati— kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

Oziq-ovqat narxlari pastladi
Iyun oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 1,8 foizga pasaygan (so‘nggi 5 yildagi minimal ko‘rsatkich, yillik ko‘satkichda — 3,5 foizga o‘sgan). Nooziq-ovqat mahsulotlari 0,8 foizga (7,9 foizga), pulli xizmatlar narxi 0,9 foizga (27,9 foiz) qimmatlashdi.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, tuxum o‘rtacha 1,1 foizga (aprelda — 11,3 foiz, may oyida — 15,6 foiz, yil davomida — 8,5 foiz), sut — 0,5 foiz, shakar — 1,2 foizga, kungaboqar yog‘i — 0,1 foizga, un — 0,4 foizga arzonlashgan.
Osiyo-Okeaniya chempionatida 19 ta medal
Xitoyning janubida joylashgan Makao yarim orolida sambo bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo-Okeaniya chempionati mamlakatimiz sportchilari uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
21 ta davlatdan 300 nafarga yaqin sportchi ishtirok etgan chempionat sarhisobiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 8 ta oltin, 1 ta kumush, 10 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Parijdagi Olimpiadaga 19 ta yo’llanma
Farg‘ona viloyatida yoshlarni sportga jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar e’tirof etilmoqda.
2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlarida viloyatning 18 nafar sportchilari tomonidan jami 19 ta ishtirok etish uchun yo‘llanmalar qo‘lga kiritildi. Quvonarlisi, mamlakatimiz tarixida sportning kamondan otish turi bo‘yicha ilk Olimpiada yo‘llanmasiga Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Ziyoda Abdusattorova sazovor bo‘ldi.
Guterrish Oliy Majlis Senatida
Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bugun Oliy Majlis Senatida bo‘ldi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston tashabbuslarini xalqaro maydonda ilgari surish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga doir aniq takliflarni qo‘llab-quvvatlashda BMT bilan konstruktiv hamkorlik yuzasidan fikr almashildi. 2017 yildan buyon mamlakatimiz tashabbusi bilan BMTning 10 ta rezolyutsiyasi qabul qilingani hamda O‘zbekiston BMT qo‘mitalari va boshqaruv organlari (Inson huquqlari bo‘yicha kengash, EKOSOS, Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqalar)ga a’zo bo‘lganiga e’tibor qaratildi.



