$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 8-dekabrning eng muhim voqealari dayjesti

dayjest 8.12.

O‘zbekiston kurash terma jamoasi jahon chempionatida birinchi o‘rinni egalladi

Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida kurash bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida IX, faxriylar o‘rtasida III jahon chempionati musobaqalari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Chempionatning ikkinchi kunida 16-17 yoshlilar 18 ta vazn toifasida sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qildi.

20 dan ortiq davlatning 150 nafardan ortiq yosh sportchilari ishtirokidagi bahslar sarhisobiga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 32 ta (14 ta oltin, 13 ta kumush va 5 ta bronza) medalni qo‘lga kiritdi.

Faxriylar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatida mamlakatimizning faxriy polvonlari 4 ta oltin, 5 ta kumush, 1 ta bronza medaliga egalik qildi.

Jahon chempionatining natijalariga ko‘ra, 30 ta oltin, 30 ta kumush va 12 ta bronza medaliga egalik qilgan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida 1-o‘rinni, Mo‘g‘uliston 2-o‘rinni, Turkmaniston 3 o‘rinni egalladi. Milliy sportimiz kurashning xalqaro rivojiga munosib hissa qo‘shgan terma jamoamiz a’zolari ertaga, 9-dekabr kuni yurtimizga qaytib keladi.

Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi xodimlarini tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev 8-dekabr kuni qishloq xo‘jaligi xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi. Tabrik matni Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

“Fidokorona mehnati bilan tuproqdan noz-ne’mat undirib, xalqimiz dasturxonini to‘kin qilib kelayotgan sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir bog‘bon va chorvadorlarga, omilkor agronom va mexanizatorlar, klasterlarning tajribali rahbarlari va xodimlari, sohaning hurmatli faxriylariga o‘zimning chuqur hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarimni bildiraman”, deyiladi tabrikda.

“Halol mehnatingiz, azmu shijoatingiz uchun yana bir bor katta rahmat. Doimo sog‘-omon bo‘ling, umringizdan baraka toping, qadrdonlarim!”, deyiladi tabrikda.

O‘zbekistonda har yili dekabrning ikkinchi yakshanbasida “Qishloq xo‘jaligi xodimlari” kuni nishonlanadi.

Ozarbayjonda mushkul ahvolda qolgan Ozbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi

O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari tomonidan Ozarbayjonda mushkul ahvolda qolgan hamyurtimiz B.A.ning vatanga qaytishida yordam ko‘rsatildi. Mamlakatimiz elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, 28-noyabr kuni yurtdoshimiz yordam so‘rab O‘zbekiston elchixonasi murojaat qilgan.

Ta’kidlanishicha, B.A. 2022-yilning noyabr oyida ishlash maqsadida Boku shahriga kelgan. Bir necha oy avval ehtiyotsizlik sabab shaxsiy hujjatlari va pul mablag‘larini yo‘qotgan.

Diplomatik vakolatxona xodimlari ko‘magida vatandoshimizning O‘zbekistonga qaytishi uchun ruxsatnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, homiylar yordami bilan unga "Boku-Toshkent" aviaqatnoviga chipta sotib olib berildi. Hamyurtimiz shu yil 5-dekabr kuni O‘zbekistonga uchib ketdi.  

Shuhrat Salayev “Katta dubulgʻa chellenjer” turnirida kumush medalga sazovor boʻldi

Kecha Xitoyning Usi shahrida taekvondo WT boʻyicha “Katta dubulgʻa chellenjer” musobaqasiga start berildi. Unda Oʻzbekiston terma jamoasi jamoasi aʼzolari ham ishtirok etishmoqda. Bugun ham “Katta dubulgʻa chellenjer” turniri davom etmoqda. Dastlabki kunda hamyurtlarimizdan Shuhrat Salayev kumush medal bilan birga 2025-yil tashkil etiladigan asosiy “Katta dubulgʻa” musobaqasida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.

Bugungi bahslarda Omonjon Otajonov (-58 kg), Jasurbek Jaysunov, Mavlonbek Toʻxtasinov (-80 kg) hamda Gulsanam Alijonova (+67 kg) medallar uchun kurashishmoqda.