$
 12621.29
-103.87
 14596.52
88.57
 158.44
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 1-noyabrning eng muhim voqealari dayjesti

positive-24-11-1

Zarafshon aeroporti faoliyati tiklanadi

Prezident rahbarligidagi yig‘ilishda Navoiy viloyati infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilindi. Zarafshon shahri aholisi 2—3-yilda 100 mingdan oshadi. Shu bois, Zarafshon hududini Tomdi tumani hisobidan 2 ming gektarga kengaytirib, 150 ming aholi uchun sharoit yaratish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlarida jami 200 ming aholi yashashi, ular Toshkent shahriga kelish uchun avval avtomobilda 250—300 kilometr yo‘l yurib, Navoiy shahriga borishi, keyin esa, bu yerdan poyezd yoki samolyotga o‘tirib, poytaxtga borishga majbur bo‘layotgani aytib o‘tildi. Zarafshon shahridagi 80-yillarda qurilgan aeroport esa hozirda ishlamayapti. Mas’ullarga ushbu aeroport faoliyatini qayta tiklash masalasini o‘rganib, tegishli takliflar kiritish topshirildi.

Yangi O‘zbekiston bog‘ida Alisher Navoiyga atab memorial muzey tashkil etiladi

Prezident Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan o‘tkazilayotgan yig‘ilishda Navoiy viloyati ma’naviy tarbiya, ma’rifiy yuksalish yo‘lida barchaga o‘rnak va namuna bo‘lishi, ta’bir joiz bo‘lsa, yurtimizning ma’naviy brendiga aylanishi zarurligini ta’kidladi. Masalan, 2017-yil Andijon viloyatida “Bobur yili” deb e’lon qilinib, shu asosda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan edi. Prezident mana shunday ijobiy tajribani Navoiy viloyatida ham qo‘llab, yangi – 2025-yilni viloyatda “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilishni taklif qildi. Shuningdek, majlisda yangi quriladigan Yangi O‘zbekiston bog‘ida Alisher Navoiyga bag‘ishlab memorial muzey tashkil etilishi aytildi.

Akmal Saidov rekordini yangiladi

Akmal Saidov eng uzoq muddat deputat bo‘lish bo‘yicha rekordini yangiladi. 27 yildan buyon deputatlik o‘rnini egallab kelayotgan Akmal Saidov yana saylandi. U 1997-yildan buyon, ya’ni besh marotaba Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylanib kelmoqda. 

Navoiyda 15 ta loyiha ishga tushadi

Davlat rahbarining Navoiy viloyati jamoatchilik vakillari ishtirokida yangi loyihalarga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Marosimda 15 ta loyiha haqida e’lon qilindi. Jumladan, Konimex tumanida yonuvchi slaneslarni qazib olish va qayta ishlashning birinchi bosqichi, Karmana tumanida 300 megavatt quyosh foto elektr stansiyasi va 75 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimi, Navoiy shahrida texnik gaz ishlab chiqarish, G‘ozon shahrida marmar va Zarafshon shahrida granit toshlarni qayta ishlash, Uchquduq tumanida kaolin qazib olish va boyitish, Xatirchi tumanida baliq ozuqasi tayyorlash loyihalari qurilishi boshlandi. Karmana tumanida kaliy sulfat va sulfat kislotasi, Navoiy shahrida paxta sellyulozasi, Nurota tumanida granit toshlarni qayta ishlash korxonalari ishga tushirildi. Mazkur 15 ta loyihaning umumiy qiymati 3 milliard 600 million dollar. Ularning natijasida 7 mingdan ortiq ish o‘rni paydo bo‘ladi.

Теги :
Jamiyat