2024-yil 8-oktyabrning eng muhim voqealari
Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligi o‘tkaziladi, “Yashil makon” loyihasining kuzgi mavsumi boshlandi, o‘zbekistonlik harbiylar Britaniyadagi xalqaro musobaqada ikkinchi o‘rinni egalladi — kunning eng muhim xabarlari bilan tanishing.
3 daqiqa o‘qiladi

Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligi o‘tkaziladi
Shu yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda 17-18 oktyabr kunlari Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkaziladi.
Davlat rahbarining qarori ko‘ra, bu yil yurtimizda Imom Abu Iso Muhammad Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanayotgani ushbu yo‘nalishdagi ishlarning yorqin namunasidir. Shuningdek, qarorga muvofiq Imom Termiziyning “Ash-Shamoil al-Muhammadiyya” va “Sunani Termiziy” asarlarini moturidiylik aqidasi va hanafiylik mazhabiga tayangan ko‘p jildlik akademik tarjima va sharhini tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda.
“Yashil makon” loyihasining kuzgi mavsumi boshlandi
Surxondaryo viloyatidagi M39 xalqaro avtomagistral yo‘lining Termiz va Angor tumanlari tutashgan hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumiga start berildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, ilk daraxt ko‘chatini ekib berdi. Mavsumni sifatli o‘tkazish, hududlarning tuproq va iqlim sharoitlariga mos daraxt va buta ko‘chatlari ekish, har bir ko‘chatni sug‘orish, parvarishlash masalasini hal etgach, uni qadash yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi. Mazkur hududda ekilayotgan ko‘chatlarga suv tarash uchun joriy etilayotgan yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi va uning ishlash jarayoni bilan tanishdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda “Yashil makon” umummilliy harakatining kuzgi mavsumida 6 million 300 ming tup mevali-manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish mo‘ljallanmoqda. Mavsumda 16 ta “Hokimlik bog‘i” yaratiladi. 47 gektar yerda “Yashil belbog‘”, 23 gektarda “Mening bog‘im” barpo etiladi.
Yangi Axsi arxeologik yodgorlik majmuasidan 50 dan ortiq nodir qo‘lyozma va toshbosma kitoblar topildi
Topilmalar orasida Abu Mu’in Nasafiyning XI asrga oid nodir kitobi, Qo‘qon xoni Amir Umarxonning mukammal devoni, Buxoro amiri Said Olimxonning topshirig‘i bilan o‘tgan asr boshida Kogondagi Dorus Saltana bosmaxonasida chop etilgan Mullo Muhammad Obidjon ibn Mullo Muhammad Qobil Oxund Namangoniyning “Tuxfatul obidin anisul oshiqin” kitoblari mavjud. Ularning eng qimmatlilari qatorida Xoja Ali Romitaniy, Xoja Ahrori Valiy, Mavlaviy Abdulhay Laknaviylarning nodir risolalari turibdi.
Topilmalar orasida Abu Bakr ibn Muhammad Ali Qurayshiy tomonidan tasnif etilgan “Anisul voizin”, Qoriyning mukammal devonlari, “Miftoxul Junon Misboxul iymon”, Tarix kitobi, Firdavsiyning “Shohnoma”si, hadislarning forsiy sharhi berilgan “Axodisul a’mol”, grammatikaga oid “Risolati mag‘zi dar ilmi harf”, Sa’diy She’roziyning “Guliston” asari, Mavlaviy Sharif Buxoriyning “Nazmul Muxtasar”, Ziyouddin Naxshabiyning “Silku Suluk”, shuningdek, “Tuhfatul Xomidiya”, “Muxtasari Turkiy”, “Tarjimatus soil val masoil”, “Naf’ul muftiy”, “Durrul Majolis”, “Irshodi tolibin”, “Risolai Anfosi nafsi”, “Murodul Orifin” kabi nodir manbalar mavjud. Axsikatiylar va Axsaviylar ilmiy tadqiqot markazidagi qo‘lyozma va toshbosma manbalar soni ushbu topilmalar bilan birga 4000 mingdan ortdi.
O‘zbekistonlik harbiylar Britaniyadagi xalqaro musobaqada ikkinchi o‘rinni egalladi
Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi ikkinchi o‘rinni egalladi. Ishtirokchilar jangovar vazifalarni bajarib, 70 kilometrdan ortiq masofani hujum operatsiyalari hamda kimyoviy va biologik tahdid sharoitida bosib o‘tdi.
4−7-oktabr kunlari O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi Uelsda (Buyuk Britaniya) o‘tkazilgan “Kembriya patruli” xalqaro harbiy musobaqasida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”axborot agentligi.
Qayd etilishicha, musobaqada 30 dan ortiq mamlakatlardan, jumladan, Buyuk Britaniya, AQSh, Fransiya, Hindiston, Germaniya, Latviya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Italiya va boshqa davlatlardan 100 dan ortiq jamoa ishtirok etgan.



