$
 12741.02
-16.92
 14062.26
-63.33
 134.38
-0.68
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 2-oktyabrning eng muhim voqealari

2-oktyabr. dayjest

Qatnov yo‘nalishi o‘zgartirilmoqda

Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmalarini rivojlantirish bosh boshqarmasining buyrug‘i asosida hamda Taxtapul va Taxtapul darvoza ko‘chalarida istiqomat qiluvchi fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida 2024-yil 1-oktyabr kunidan boshlab 150-sonli "Chilonzor 25-dahasi - Malika fabrikasi" avtobus yo‘nalishining harakati Taxtapul va Taxtapul darvoza ko‘chalari orqali o‘zgartiriladi.

Endilikda yo‘nalish A.Donish ko‘chasidagi 21-poliklinika bekati va Kichik halqa yo‘lidagi 3-infeksion shifoxona bekatlari orqali harakatlanmaydi.

Koreya Respublikasi madaniyat, sport va turizm vaziri o‘rinbosari Chang Mi Ran bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi

Seul shahrida Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiev va Koreya Respublikasi madaniyat, sport va turizm vaziri o‘rinbosari Chang Mi Ran o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasida turizm sohasidagi aloqalarni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi, koreyaliklarning O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotgani, o‘zaro sayyohlik oqimi yildan-yilga ko‘payayotganligini ta’kidladilar. Muzokaralar chog‘ida turizm sohasidagi munosabatlarning me’yoriy-huquqiy bazasini yangilash, ta’lim muassasalariga turizm bo‘yicha mutaxassislarni yuborish va O‘zbekistonning turizm yo‘nalishidagi ta’lim sohasida Koreya tajribasini joriy etish, koreys tilida gidlar tayyorlash, texnik ko‘mak loyihalarini amalga oshirish, turizm sohasini rivojlantirish, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va boshqa masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston xalqaro ekologik maydondagi ishtirokini kuchaytirmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi vakili Xaniya Asilbekova Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa Iqtisodiy Komissiyasining (YeIK) 2023–2026-yillarga mo‘ljallangan ekologik samaradorlikni baholash (ESB) bo‘yicha ekspert guruhiga a’zo bo‘ldi.

ESB dasturi YeIK’ga a’zo mamlakatlarga atrof-muhitni boshqarish va samaradorligini oshirishda yordam beradi va qo‘llab-quvvatlaydi, mamlakatlar o‘rtasida siyosat va tajribalar bo‘yicha ma’lumot almashishni rag‘batlantiradi, ekologik siyosatni iqtisodiy sektorlarga integratsiyalashuviga yordam beradi, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikni mustahkamlaydi va tegishli Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va monitoringini olib borishga hissa qo‘shadi.

Pastdarg‘omda maktablarga 10 mingta kitob sovg‘a qilindi

Dastlab tuman rahbarlari va faollar ishtirokda Paxtakor mahallasidagi 104-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 210 o‘rinli, Qo‘qoni mahallasidagi 20-maktabning 180 o‘rinli qo‘shimcha binolari foydalanish uchun ochildi. Investitsiya dasturi asosida bunyod etilgan mazkur obyektlarning har biriga 1 milliard 800 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.

Tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun o‘n mingga yaqin badiiy kitob sovg‘a qilindi.