2024-yil 19-oktyabrning eng muhim voqealari dayjesti
Shaxmat federatsiyasiga yangi bosh kotib, Jamshid Qoʻchqorovga berilgan unvon, Yangi Toshkentdagi 500 mln. dollarlik tibbiy klasteri bosh rejasi, oʻsmirlar oʻrtasidagi tennis musobaqasi gʻoliblari - kunning eng muhim xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Shaxmat federatsiyasiga yangi bosh kotib tayinlandi
Xalqaro shaxmat akademiyasida federatsiyaning navbatdagi yig'ilishi o'tkazildi.
Unda federatsiya mas'ullari, shaxmatchilar, murabbiylar hamda hududiy studiyalardan shaxmat faollari ishtirok etdilar. Yig'ilishda tashkiliy masala ko'rib chiqildi.
Xalqaro sport ustasi Bobur Sattarov O'zbekiston shaxmat federatsiyasi Bosh kotibi lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Qoʻchqorovga "Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan iqtisodchi" faxriy unvoni berildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan davlat idoralaridagi koʻp yillik samarali mehnati, mamlakatimiz mustaqilligi va uning iqtisodiy qudratini mustahkamlash, moliya tizimini xalqaro andozalar asosida rivojlantirish va yangi bosqichga koʻtarish, muhim dasturlar va investisiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish borasidagi katta xizmatlari, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yuksaltirishga qoʻshayotgan munosib hissasi, sohada malakali kadrlarni tayyorlash yoʻlidagi ibratli faoliyati uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻshqorovga "Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan iqtisodchi" faxriy unvoni berildi.
Yangi Toshkentdagi 500 mln. dollarlik tibbiy klasteri bosh rejasini ishlab chiqildi
Janubiy Koreyaning NCND kompaniyasi Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida tibbiyot klasteri bosh rejasini ishlab chiqdi. Bu haqda 14-oktabr kuni loyihani Shavkat Mirziyoyevga taqdim etgan kompaniya bosh direktori Kim Son Xun ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 1990-yildan buyon qurilish va arxitektura sohasida faoliyat yuritib kelayotgan kompaniya loyihani 420 gektar maydonda amalga oshirmoqda. Uning qiymati 500 million dollarga baholangan va ishga tushirilgandan so‘ng 10 ming ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini (TIA) 20-oktabrga qadar ishlab chiqish rejalashtirilgan va birinchi bosqich 2026-yil dekabrida ishga tushirilishi kutilmoqda. Tibbiyot klasteridan byudjetga tushumlar hajmi yiliga 330 milliard so‘mni tashkil etishi rejalashtirilgan.
Oʻsmirlar oʻrtasidagi tennis musobaqasi gʻoliblari aniqlandi
Mamlakatimiz va Xalqaro tennis federatsiyalari tomonidan Andijonda oʻsmirlar oʻrtasida tashkil etilgan J60 turniri yakunlandi.
Xalqaro turnirning yakkalik bahslarida Sabrina Olimjonova final oʻyinida neytral tennischi Alina Botasheva bilan raqobatlashdi. Tennischimiz ushbu uchrashuvni noma'lum sababga koʻra davom ettira olmadi.
Shu tariqa Alina musobaqa gʻolibiga aylangan boʻlsa, Sabrina vise-chempionga aylandi. Shuni ta'kidlab oʻtishimiz lozimki, Sabrina va Alina juftlik bellashuvlarida tandem hosil qilib, vitse-chempionga aylandi.
Oʻgʻil bolalar oʻrtasidagi yakkalik bahslarida hamyurtimiz Abdulaziz Usmonjonov soʻnggi hal qiluvchi final uchrashuvida neytral tennischi Yaroslav Klishinni 6:3, 6:3 hisobida taslim qilib, bosh sovringa ega chiqdi.



