2024-yil 17-oktyabrning eng muhim voqealari dayjesti
Muntazam eng yaxshilar qatoridan o‘rin olayotgan Husniddin Aliqulov, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng tez o‘sayotgan mamlakatlar, kilogrammi 200 ming so‘mlik uzum navi mahalliylashtirgan seleksioner olim, Misr tomonidan taqdim qilingan noyob adabiyot va darsliklar — kunning eng muhim xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Husniddin Aliqulov muntazam eng yaxshilar qatoridan o‘rin olmoqda
“SofaScore” JCH-2026 saralashi 4-turida faol o‘yin namoyish qilgan futbolchilardan iborat ramziy jamoani shakllantirdi. E’tiborlisi, ushbu ramziy terma jamoaga O‘zbekiston milliy terma jamoasining ikki futbolchisi kiritildi. Bular himoyachi Husniddin Aliqulov va yagona gol muallifi Otabek Shukurov. Bundan tashqari kecha KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etgan Qirg‘iziston terma jamoasidan ikki himoyachi Valeriy Kichik va gol muallifi Kristian Brauzman ham ramziy terma jamoadan joy olishdi. Ma’lumot uchun, 1-turda Jaloliddin Masharipov, 2-turda Husniddin Aliqulov va Eldor Shomurodov, 3-turda esa Husniddin Aliqulov ramziy terma jamoaga kirishgan edi.

O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng tez o‘sayotgan uch iqtisodiyotdan biri deb topildi
Jahon banki 2024-yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida YAIMning eng yuqori o‘sishi Gruziya, Tojikiston va O‘zbekistonda kuzatilayotganini qayd etdi. Prognozlarga ko‘ra, 2024-yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy o‘sish 2023-yildagi 3,5 foizdan 3,3 foizgacha sekinlashishi, 2025-yilda esa 2,6 foizgacha sekinlashishi mumkin. Bu o‘sish 5,1 foizni tashkil etgan 2000−2009-yillardagi o‘rtacha yillik ko‘rsatkichdan ancha past. 2025-yil bo‘yicha prognozlar O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotning 5,8 foizga o‘sishi orqali mintaqada iqtisodiy o‘sish bo‘yicha yetakchi o‘ringa chiqib olishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Kilogrammi 200 ming so‘mlik uzum navi mahalliylashtirildi
Oltiariq tumanining “Birlashgan” MFYda joylashgan Tokzor ko‘chasida yashovchi Abdumutalib G‘ofurov seleksioner olim sifatida uzumchilik tarmog‘iga ilm-fan, innovatsiya g‘oyalarini keng joriy etmoqda. 2021-yili mirishkor bog‘bon AQSHning Kaliforniya shtatida madaniylashtirilgan “Avatar” uzum navini olib kelib, payvandlash usuli orqali ko‘paytirdi. Olim bu uzumga ramziy ma’noda o‘zbekcha “Oytomchisi” nomini qo‘ygan. Ayni paytda ushbu uzum navi O‘zbekiston bozorida eng qimmat – bir kilogrammi 200 ming so‘mgacha sotilmoqda. Hozirda seleksioner olim payvandtak usulida ko‘paytirish orqali “Avatar” ko‘chatlarini buyurtma asosida bog‘bonlarga yetkazib bermoqda.

Misr O‘zbekistonga noyob adabiyot va darsliklarni taqdim qildi
Misr Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik tadqiqotlar instituti, Arab davlatlari ligasi va “Al-Azhar” diniy majmuasi kutubxonasi fondidan 500 dan ziyod noyob adabiyot va darsliklar O‘zbekiston elchixonasiga topshirildi. Diplomatik tadqiqotlar instituti tomonidan ingliz va arab tillarida taqdim etilgan kitoblar zamonaviy diplomatiya, siyosat, iqtisod, falsafa, Yaqin Sharqdagi jarayonlar, mintaqadagi davlatlar tarixi va ko‘p yillik muammolarni hal qilish istiqbollari kabi mavzularni qamrab olgan. Ushbu kitoblar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, uning huzuridagi Diplomatik akademiya va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga taqdim etish rejalashtirilgan.



