2024-yil 12-oktyabrning eng muhim voqealari
Qatar madaniyati, hunarmandchiligi va milliy taomlari haftaligi, Ashxobodga amaliy tashrif yakunlandi, O‘zbekiston Prezidenti Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan medal bilan taqdirlandi, “Islom -tinchlik va ezgulik dini“ xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi — kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

Qatar madaniyati, hunarmandchiligi va milliy taomlari haftaligi boshlandi
Poytaxtimizdagi “Tashkent City Park” majmuasida “Qatar madaniyati, hunarmandchiligi va milliy taomlari haftaligi” boshlandi.
Haftalik doirasida Qatar madaniyatini aks ettiruvchi konsert dasturlari va ko‘rgazmalar namoyish etiladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi bilan Qatar Amirligi o‘rtasidagi madaniy aloqalar rivojlanib bormoqda. O‘zbekistonda o‘tkazib kelinayotgan xalqaro festivallarda Qatar vakillari faol ishtirok etmoqda.
Xususan, 2018-2024-yildagi Xalqaro maqom san’ati anjumani, 2019-yilda Xalqaro baxshi san’ati festivali, 2024-yilda o‘tkazilgan “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalida Qatar vakillari ishtirok etdi.
Ashxobodga amaliy tashrif yakunlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ashxobod shahriga amaliy tashrifini yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi.
Aeroportda davlatimiz rahbarini Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov kuzatib qo‘ydi.
O‘zbekiston Prezidenti turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro forumda uning merosi xalqlar o‘rtasida hamjihatlik va o‘zaro anglashuv rishtalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston Prezidenti Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan medal bilan taqdirlandi
Shoir va mutafakkir Maxtumquli Firog‘iy yubileyiga bag‘ishlangan xalqaro forum yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov davlatimiz rahbariga “Maxtumquli Firog‘iyning 300 yilligi” esdalik medalini tantanali ravishda topshirdi.
“Islom -tinchlik va ezgulik dini” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkaziladi
Xabaringiz bor, joriy yilning 15-16-oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida "Islom – tinchlik va ezgulik dini" mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 19-sentyabrda bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida: “Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, islomni ilm-ma’rifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari ulug‘ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Shunday buyuk olimlarning boy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini“ mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari suramiz“, deya ta’kidlagan edi.



