2024-yil 11-oktyabrning eng muhim voqealari
Fan olimpiadalari markazi, O’zbekiston va Turkmaniston, qarindoshlari sudlanganlik huquqlarni cheklashga asosmi, asfaltlashtirish ishlari — kunning eng muhim xabarlari.
3 daqiqa o‘qiladi

Astfaltlashtirish ishlari
Davlatimiz rahbarining o‘tgan yili 24-25-oktyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha Qarshi shahridagi markaziy avtomobil yo‘llarini ta’mirlash ishlariga 105 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Shunga asosan, Qarshi shahridagi Islom Karimov, Mustaqillik, Amir Temur, Nasaf, Alisher Navoiy va Xonobod ko‘chalarini keng miqyosli asfaltlashtirish, ichki yo‘llarini qurish ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, pudratchilar tomonidan zamonaviy texnikalar yordamida 13,3 kilometr yangi turdagi sementli betondan ajratuvchi to‘siq (bordyur)lar qurish ishlari hamda 9,2 kilometr uzunlikda mayda donachali A-turdagi issiq asfaltli betondan qoplama qurish ishlari bajarilgan.
Qarshi shahridagi markaziy ko‘chalarni ta’mirlash ob’ektlarida 35,6 milliard so‘mlik joriy ta’mirlash ishlari bajarilgan bo‘lib, 24,7 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan. Hozirgi kunda ob’ektlarda joriy ta’mirlash ishlari davom etmoqda.
Qarindoshlari sudlanganlik huquqni cheklamaydi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasida “Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas”ligi belgilangan.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan 2024-yil 20-sentyabrdagi 963-sonli O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, Qonunning 28-moddasida O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 8-avgustda qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘RQ-788-sonli Қонuniнинг 10-moddasi quyidagi mazmundagi qism bilan to‘ldirildi, ya’ni:
“Qarindoshining sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish va uni o‘tash chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas”.
Bundan tashqari, Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida Qonunning 29 – moddasi ikkinchi qismidagi “ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan” degan so‘zlar “e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan” degan so‘zlar bilan almashtirildi.
O’zbekiston va Turkmaniston hamkorligi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ashxobod shahriga tashrifi doirasida Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni shoir va mutafakkir Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro forum yuksak darajada o‘tkazilgani bilan samimiy muborakbod etdi.
Suhbatda O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish, ko‘p qirrali hamkorlikni, ayniqsa siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash jadal o‘sayotgani, birgalikda chegaraoldi savdo hududi barpo etilayotgani, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida hamkorlik kuchayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Fan olimpiadalari markazi
“Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzurida davlat muassasasi shaklida Fan olimpiadalari markazi (Markaz) tashkil etiladi.
Qobiliyatli hamda fanlarni chuqur o‘rganishga qiziqadigan yoshlarni aniqlash va seleksiya qilish, ulardagi iqtidorni yanada rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish Markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.



