Surxondaryoda poraxo‘r prokuror qo‘lga tushdi
U suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish bilan bog‘liq masalalariga ko‘maklashish evaziga 10 ming dollar tallab qilgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda viloyat prokuraturasi bo‘lim katta prokurori 10 000 AQSH dollari miqdorida pora olayotganida ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
10 ming dollar
29-iyun kuni Surxondaryo viloyati prokuraturasi va Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyat prokuraturasi bo‘lim katta prokurori “YeRS” MCHJga suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish bilan bog‘liq masalalariga ko‘maklashish evaziga firibgarlik yo‘li bilan 10 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.
Bu safar summa kattaroq
Shu kuni Bosh prokuratura hamda DXX xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda esa fuqaro U.X. (tadbirkor) “BDK” MCHJ rahbari A.T. ga o‘zining tanishlari J.Sh. (sug‘urta markazi direktori) va Toshkent shahar prokuraturasi bo‘lim katta prokurori orqali Jizzax viloyati ichki ishlar tergov organi ish yurituvidagi jinoyat ishi doirasida ijobiy ekspertiza xulosa olib berishga yordam berish evaziga 105 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.
“Tergov davomida yuqorida qayd etilgan prokuratura xodimining harakatlariga huquqiy baho beriladi”, dedi Hayot Shamsutdinov.



