$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Lavozimdagilarga reyd: DXX hokim o‘rinbosarlari, MIB, soliq, bojxona xodimlarini qo‘lga oldi

Pora

Kuni kecha Davlat xavfsizlik xizmati davlat lavozimini egallab, unga nisbatan suiiste’mol qilganlarga nisbatan katta reyd tadbirini o‘tkazdi. Ularning orasida tuman hokimlari o‘rinbosarlari va yordamchilari, bojxona, MIB va soliq xodimlari bor.

Qashqadaryodagi holat

Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Dehqonobod tumani hokimining o‘rinbosari tumandagi Qorashina shaharchasini obodonlashtirish doirasida qurilgan ob’yektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasiga imzo qo‘yish evaziga tuman hokimligining ma’muriy binosi yonida 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur ob’yektdagi kamchiliklarni solishtirma dalolatnoma rasmiylashtirish yo‘li bilan bartaraf etib berish evaziga 15 mln. so‘m olgan vaqtida Qashqadaryo viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi yetakchi mutaxassisi ham qo‘lga olindi.

Hozirda hokim o‘rinbosari hamda davlat unitar korxonasining yetakchi mutaxassisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Navoiyda hokim yordamchisi 20 million bilan ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbari fuqaroga Xatirchi tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining hokim yordamchisi tavsiyanomasi asosida bankdan 100 mln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i olib berish evaziga 20 mln. so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, muqaddam sudlangan hokim yordamchisi o‘z xizmati uchun 10 mln. so‘m hamda Xatirchi tumanidagi aksiyadorlik tijorat banki mutaxassisi esa tegishli hujjatlarni tayyorlab, kredit mablag‘i ajratib berish evaziga 2 mln. so‘m olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yana hokim yordamchisi

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Shahrixon tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining hokim yordamchisi o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga bankdan 100 mln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i ajratilishida yordam berish evaziga 9 mln. so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda hokim yordamchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 214-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Lavozimini suiste’mol qilish uchun 20 ming dollar

Avval xabar berilganidek, joriy yilning may oyida Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Xovos tumani hokimining o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi MCHJga tegishli yerlarni hokimlik zaxirasiga olmaslik, aksincha, sug‘orish ishlariga sharoit yaratib berish hamda faoliyatiga hech kim aralashmasligini ta’minlash evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 1000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan edi.

Hovos tumani hokimi o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

 Jinoyat ishlari bo‘yicha Sardoba tuman sudining hukmiga muvofiq, mazkur mansabdor shaxs 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Davlat ijrochisidan qoyilmaqom “ijro”

Jumladan, Majburiy ijro byurosining Qibray tuman bo‘limi davlat ijrochisi fuqaroning kredit qarzdorligi sababli xatlovga olingan mol-mulkini auksion savdolarga chiqarmaslik hamda unga nisbatan o‘zining ish yurituvida bo‘lgan ijro ishini tugatib berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qilib, muqaddam 2 ming AQSh dollari oladi.

Lekin, davlat ijrochisi qolgan 3 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda davlat ijrochisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

1 yil davomida tekshiruv o‘tkazmaslik evaziga 1200 AQSh dollari

Zangiota tumanida kuzatilgan holatda, tuman soliq inspeksiyasining shoʻba boshlig‘i vazifasini bajaruvchi shaxs qurilish mollari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan oilaviy korxonaning faoliyatiga rahnamolik qilish va 1 yil davomida tekshiruv o‘tkazmaslik evaziga 1200 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Bojxonada yengillik

Keyingi holatda esa Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Yallama” chegara bojxona posti inspektor-surishtiruvchisi taqiqlangan tovarlarni tadbirkor tomonidan mamlakatimizga olib kirish bo‘yicha sodir etilgan huquqbuzarlikni sudda ko‘rib chiqilishi jarayonida mansabdor tanishlari orqali unga yengillik yaratib berish va ushbu tovarlarni O‘zbekistondan qaytarib olib chiqib ketishida yordam berish evaziga 1000 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida bojxona inspektori mazkur masalada ko‘maklashish uchun muqaddam 300 AQSh dollari olganligi ham ma’lum bo‘ldi.

1 million AQSh dollarlik pora

Korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent viloyati Chirchiq shahar hokimining o‘rinbosari xizmat mavqeidan foydalangan holda, klaster shaklidagi savdo majmuasi tashkil etish uchun 40 mln. AQSh dollari miqdorida investisiya kiritish sharti bilan, shahar hokimligi zaxirasidagi 20 gektar yer maydonini auksion savdoga chiqartirib, yutib berish va 49 yil muddatga yerga egalik qilish huquqini rasmiylashtirishda ko‘maklashish evaziga 2 mln. AQSh dollari talab qilib, oldindan 1 mln. AQSH dollarini o‘zining haydovchisi orqali olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda xizmat mavqeidan foydalanib, juda ko‘p miqdorda pora olgan hokim o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Теги :
Jamiyat