Parij-2024 olimpiadasini sun’iy intellekt yoritadi
Tasavvur qiling, siz yozgi olimpiada o‘yinlaridasiz va boshlovchi faqat sizning o‘zingizgagina qiziq bo‘lgan faktlar, ma’lumotlar hamda axborotlar berib bormoqda. Yoqimli, shunday emasmi? Bugunning eng old texnologiyalari sizga shunday imkoniyat taqdim etishga tayyor.
3 daqiqa o‘qiladi

NBC telekanali Parij-2024 Olimpiadasini keng yoritish doirasida afsonaviy sport jurnalisti Al Mayklsning ovozi hamda sun’iy intellekt yordamida tomoshabinlar uchun shaxsiylashtirilgan lavhalar taqdim etmoqda. “Your Daily Olympic Recap on Peacock” (Peacock’dan Olimpiada lavhalari) deb nomlangan bu yangi servis muxlislarga sevimli o‘yinlarining individuallashtirilgan variantini taqdim etadi. “Biz sport afsonasini texnologiyaning afsonasi bilan birlashtirib, muxlislarga ilgari hech qachon bo‘lmagan individuallashtirilgan Olimpiada tajribasini taqdim etmoqdamiz”, — deydi Peacock va NBCUniversal’ning servis bo‘yicha prezidenti Kelly Kempbell.
Al Mayklsning o‘zi ham bunga qiziqish bildirgan
Sun’iy intellekt Mayklsning ovozini NBC’dagi avvalgi faoliyati doirasida o‘rganib, klonlashtirdi. Bu hech qanaqa dipfeyk emas, deydi nashr mas’ullari. Negaki, jurnalistning o‘zi bunga roziligini bildirgan va NBC ovozidan foydalanilayotgani evaziga unga yaxshigina haq taklif etgan. Maykls avvaliga biroz ikkilanganini, lekin bu nafaqat tomoshabinlarga, balki uning o‘ziga ham qiziq bo‘lishini, bu qanday ishlashini batafsil tushuntirishganida esa, darhol rozilik bildirganini aytadi. Umuman olganda, ovoz sohibining o‘zidan ruxsat olingan. Endi gap faqat SIning texnik xatolarsiz, mukammal ishlab berishida qolmoqda. Hozirda individuallashtirilgan tizim doirasida obunachilarning ismlarini to‘g‘ri talaffuz qilish bo‘yicha ishlanmoqda, deyiladi xabarda.
Shaxsiy paket qanday ishlaydi?
27-iyul kuni Olimpiadaning birinchi ochilish marosimidan lavhalar Mayklsning “klon” ovozida efirga uzatiladi. Shundan so‘ng, har bir tomoshabin o‘zining xususiylashtirilgan audio va video paketlarini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ushbu qisqa 10 minutlik lavhalarda Mayklsning SI varianti obunachiga o‘z ismi bilan murojaat qiladi. Peacock AQSh bo‘ylab Olimpiada o‘yinlari davomida 7 millionga yaqin obunachining individuallashtirilgan paketlari bo‘lishini taxmin qilmoqda.
Servisdan qanday foydalanish mumkin?
Individuallashtirilgan lavhalar 27-iyuldan boshlab Peacockda ishga tushadi. “Your Daily Olympic Recap on Peacock” xizmatini Peacock ilovasining bosh sahifasidagi Olimpiada bo‘limiga kirib, u yerdan uchta sevimli sport turingiz va ularga oid mavzularni, masalan, sahna ortidagi hikoyalar, asosiy musobaqalar va trendga aylangan lahzalarni o‘z ichiga olgan lavhalarni xususiylashtirish orqali olishingiz mumkin bo‘ladi.
Al Maykls haqida
Ma’lumot uchun, Al Maykls — afsonaviy amerikalik sport jurnalisti, bu sohada 50 yildan ortiq tajribaga ega. U 1944-yil 12-noyabrda tug‘ilgan va o‘zining professionalligi hamda yorqin ovozi bilan sport muxlislari ko‘nglidan joy olgan. Aytish joiz, uning ovozi Amerika sporti tarixida eng taniqli ovozlardan biri hisoblanadi. Maykls ABC Sports va NBC Sports telekanallarida xizmat qilib, hozirgacha to‘qqizta Olimpada o‘yinlarini yoritgan. O‘zi ham yoshligida sportning futbol va basketbol turlari bilan shug‘ullangan. 2006-yildan 2021-yilgacha Al Maykls NBC telekanalida "Sunday Night Football" (Yakshanba futbol oqshomi) dasturini olib borgan. 2022-yildan to hozirgacha “Amazon Prime Video” da faoliyat olib bormoqda.
Parij-2024 Olimpiadasi
2024-yilgi Yozgi Olimpiada o‘yinlari (XXXIII Olimpiya o‘yinlari) xalqaro 32 sport turini o‘z ichiga olgan tadbir bo‘lib, 2024-yil 26-iyuldan (ba’zi musobaqalar 24-iyuldan start oladi) 11-avgustgacha Fransiya boshkenti Parijda bo‘lib o‘tadi. Bu safargi o‘yinlarda taxminan 10 500 ta sportchi qatnashishi kutilmoqda.



