Paralimpiya: Kechagi o‘tgan bahslarda delegatsiyamiz a’zolari 6 ta medalni qo‘lga kiritishdi
Paralimpiya o‘yinlari yakuniga yetib boryapti. Delegatsiyamiz hisobidagi medallar 9 ta oltin, 8 ta kumush va 6 ta bronzaga yetdi. Hozirda O‘zbekiston jamoasi jami 23 ta medal bilan umumjamoa hisobida 12-o‘rinni qayd etib turibdi. Aytish mumkinki, bu O‘zbekiston delegatsiyasining Paralimpiya o‘yinlaridagi eng yaxshi natijasidir.
3 daqiqa o‘qiladi

Kechagi o‘tgan bahs natijalari bo‘yicha sportchilarimiz turli yo‘nalishlarda 6 ta medal qo‘lga kiritishdi va delegatsiya hisobidagi medallar hozirgacha 9 ta oltin, 8 ta kumush va 6 ta bronzaga yetdi. Hozirda O‘zbekiston jamoasi jami 23 ta medal bilan umumjamoa hisobida 12-o‘rinni qayd etib turibdi. Aytish mumkinki, bu O‘zbekiston delegatsiyasining Paralimpiya o‘yinlaridagi eng yaxshi natijasidir.
Safiya Burxanova kumush medal sovrindori
Para yengil atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasida F12 klassida yadro uloqtirish bahslari yakuni bo‘yicha hamyurtimiz Safiya Burxanova 14.12 metr natija ko‘rsatib, delegatsiyamiz hisobiga oltinchi kumush medalni qo‘shib qo‘ydi. Ma’lumot uchun, Safiya Burxanova bundan avval Rio-2016 Paralimpiya o‘yinlarida kumush va Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Tolibboy Yo‘ldoshev oltin medalni qo‘lga kiritdi
Para yengil atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasida F37 klassida disk uloqtirish dasturida final bahsi yakunlariga ko‘ra ushbu yo‘nalishda ishtirok etgan o‘zbekistonlik Tolibboy Yo‘ldashev 57.28 metr natija qayd etgan holda delegatsiya hisobiga navbatdagi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi. Ushbu dasturda qatnashgan yana bir o‘zbekistonlik Qudratullaxon Ma’rufxo‘jayev esa 46.79 metr natija bilan 9-o‘rinni band etdi.
Yana bir bronza sohibi
Paralimpiada bahslari yakunlanishiga ikki kun qolganida para yengil atletikachi Temurbek G‘iyosov o‘z nomini Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlarining sovrindorlari qatoriga qo‘shib qo‘ydi.
U T64 klassida balandlikka sakrash dasturida ishtirok etib, 2.03 metr natija bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Kumush Xo‘jayevadan kumush medal
Para dzyudo bahslarida o‘zbekistonlik Kumush Xo‘jayeva final bahsini o‘tkazish uchun tatamiga chiqdi. Finalda Xo‘jayeva yaponiyalik Xirose Junkoga qarshi kurash olib bordi. Ayollar o‘rtasida J2 klassida -57 kg vazn toifasida kechgan final bellashuvida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Kumush Xo‘jayeva mag‘lubiyatga uchradi va Paralimpiadaning kumush medalini qo‘lga kiritdi.
6-bronza
Para dzyudo bahslarida yana bir yurtdoshimiz Uchqun Quronboyev bronza medal uchun tatamiga chiqdi. Erkaklar o‘rtasida J2 klassida -73 kg vazn toifasida bahs olib borgan Quronboyev bronza medal uchun kechgan bellashuvda Kim Dongunga qarshi kurash olib bordi va delegatsiya hisobiga navbatdagi bronza medalni qo‘shib qo‘ydi.
15 yoshli paralimpiadachidan kumush medal
Para yengil atletika bahslarida yana bir o‘zbekistonlik sportchi kumush medalni qo‘lga kiritdi. Ayollar o‘rtasida F46 klassida nayza uloqtirish dasturining final bellashuvida qatnashgan Shahina Yigitaliyeva 43,12 metr bilan ikkinchi o‘rinni band qildi va delegatsiyani medallar soni bo‘yicha yana oldinga olib chiqdi.
10-kun dasturi
7-sentyabr, bugun ishtirok etadigan sportchilarimiz ro‘yxati bilan tarnishing:
12:30 G‘olibbek Mirzayorov
para velosport C1-3 | erkaklar | shosse
12:30 Turg‘un Abdiyev
para dzyudo J1 | erkaklar | -90 kg
12:30 Davurxon Karomatov
para dzyudo J2 | erkaklar | -90 kg
12:30 Feruza Ergasheva
para dzyudo J1 | ayollar | +70 kg
13:00 Doniyor Axmedov
para yengil atletika T13 | erkaklar | uzunlikka sakrash
13:07 Nurxon Qurbonova
para yengil atletika F54 | ayollar | nayza uloqtirish
13:14 Azizbek Abdulhabibov
para kanoe KL2 | erkaklar | 200 m.
13:28 Irodaxon Rustamova
para kanoe UL2 | ayollar | 200 m.
13:42 Xasan Qo‘ldashev
para kanoe KL3 | erkaklar | 200 m.
13:47 Dmitriy Xorlin
para suzish S12 | erkaklar | 100 m. batterflay
13:49 Shahzoda Mamadaliyeva
para kanoe UL3 | ayollar | 200 m.
15:00 Ro‘za Kuziyeva
para powerlifting | ayollar | -73 kg
16:35 Xusniddin Usmonov
para powerlifting | erkaklar | -88 kg
23:20 Muhammad Rixsimov
para yengil atletika F63 | erkaklar | yadro uloqtirish
00:00 Ma’rufjon Murodulloyev
para yengil atletika T47 | erkaklar | 400 m. yugurish



