Paradzyudochi Sherzod Namozov 2 karra, para yengil atletikachi Xusniddin Norbekov esa 3 karra Paralimpiya o‘yinlari g‘olibiga aylandi
O‘yinlarning 9-kuniga kelib delegatsiyamiz hisobida 8 ta oltin, 5 ta kumush, 4 ta bronza bilan medallar jadvalining 12-pog‘onasini band etib turibdi.
3 daqiqa o‘qiladi

O‘yinlarning 9-kuniga kelib delegatsiyamiz hisobida 8 ta oltin, 5 ta kumush, 4 ta bronza bilan medallar jadvalining 12-pog‘onasini band etib turibdi.
Sherzod Namozov — 2 karra Paralimpiya o‘yinlari chempioni
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zosi, paradzyudochi Sherzod Namozov Parij Paralimpiadasi g‘olibi bo‘ldi. 5-sentyabr kuni erkaklar o‘rtasida J2 klassida (ko‘zi qisman ko‘radigan sportchilar bellashadi) -60 kg vazn toifasida final bahsi yakunlandi. Oltin medal uchun kechgan kurashda o‘zbekistonlik Sherzod Namozov gruziyalik Zurab Zurabianiga qarshi tatamiga chiqdi va g‘alabaga erishib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. U bu orqali ikki karra Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘ldi. Sportchi 2016-yilgi Paralimpiya o‘yinlarida ham chempion bo‘lgan. Sherzod Namozov turnir chorak finalida ispaniyalik Luis Gavilanni, yarimfinalda esa janubiy koreyalik Li Min-Jayni mag‘lub etgandi. Ikkala bahs ham 10:0 hisobida yakunlangan.
Xusniddin Norbekov — 3 karra Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi
Para yengil atletikachi Xusniddin Norbekov yadro uloqtirish bahslarida turnir rekordini o‘rnatib, Paralimpiada oltin medalini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa u uchta Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik sportchi bo‘ldi. 6-sentyabrga o‘tar kechasi para yengil atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasida F35 klassida (harakati va oyoqlarning muvofiqlashuvida o‘rta darajada nuqsoni bor sportchilar ishtirok etadi) yadro uloqtirish musobaqasi yakunlandi. Xusniddin Norbekov ikkinchi urinishda 16,82 metr natija qayd etib, Paralimpiya o‘yinlari rekordini yangiladi. Bundan avvalgi rekord 2008-yil Pekinda bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlarida xitoylik Guo Vey tomonidan o‘rnatilgan edi. O‘shanda xitoylik sportchi 16.22 metr natija qayd etgan. Musobaqada kumush medalni argentinalik Hernan Urra (16,11 m), bronza medalini esa eronlik Said Aliasgar Javanmardi (15,84) qo‘lga kiritdi. Ma’lumot uchun, Xusniddin Norbekov bundan avval Rio-2016 va Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida ham oltin medalni qo‘lga kiritgan. Unda, shuningdek, bitta bronza ham bor.
Bu orqali O‘zbekiston hisobidagi medallar soni 17 taga yetdi. Delegatsiya hisobida 8 ta oltin, 5 ta kumush, 4 ta bronza bilan medallar jadvalining 12-pog‘onasini band etib turibdi.
Bugungi kun dasturi
6-sentyabr, bugun Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida 22 ta sportchimiz qatnashadi. Ularning ro‘yxati va o‘yinlar vaqti bilan tanishing:
Para velosport
12:30 Azimbek Abdullayev, C4 | erkaklar | velosport poygasi
Para dzyudo
13:00 Shoxrux Mamedov, J1 | erkaklar | -73 kg
13:00 Kumushxon Xodjayeva, J2 | ayollar | -57kg
13:00 Uchqun Quranbayev, J2 | erkaklar | -73kg
Para yengil atletika
13:04. Safiya Burhonova, F12 | ayollar | yadro uloqtirish
13:17 Marufjon Murodullayev, T47 | erkaklar| 400m yugurish
13:49 Temurbek Giyazov, T64 | uzunlikka sakrash
14:58 Qudratilloxon Marufxojayev, , erkaklar | disk uloqtirish
14:58 Tolibboy Yuldashev, erkaklar | disk uloqtirish
Para kanoe
13:10 Azizbek Abdulhabibov, erkaklar | 200m ga
13:20 Irodaxon Rustamova, ayollar | 200m ga
13:30 Shahzoda Mamadaliyeva, ayollar | 200m ga
13:40 Hasan Kuldashev, erkaklar | 200m ga
13:55 Shaxnoza Mirzayeva, KL3 | ayollar | 200m ga
15:05 Haytmurod Sherquziyev, VL3 | erkaklar | 200m ga
Para og‘ir atletika
15:00 Bekzod Jamilov, 72kg
16:35 Ruxshona O‘ktamova, para paverlifting, 61kg
22:00 Qudratoy Toshpo‘latova, para paverlifting, 67kg
Para yengil atletika
22:00 Shahina Yigitaliyeva, F46 | ayollar | nayza uloqtirish
22:00 Roziyaxon Ergasheva, F46 | ayollar | nayza uloqtirish
22:04 Yorqinbek Odilov, F57 | erkaklar | yadro uloqtirish
23:37 Izzat Turg‘unov, T36 | erkaklar | 100m ga yugurish



