$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Kechagi kun yutuqlari: Rekord o‘rnatgan Bobur, kumush olgan Doniyor, Nurxondan navbatdagi bronza

paralimpia

Paralimpiyaning 5-kuni yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston 6 ta oltin, 4 ta kumush va 4 ta bronza bilan medallar jadvalida 9-o‘rinda turibdi.

Kumush olgan Doniyor

Fransiyaning Parij shahrida Paralimpiya bahslarining para yengil atletika sport turi bo‘yicha bahslar bo‘lib o‘tmoqda. 2-sentyabr kuni erkaklar o‘rtasida T12 uzunlikka sakrash bahslari yakunlariga ko‘ra, Doniyor Soliyev 7,16 metr natija qayd etib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bahslarda 7,27 metr natija qayd etgan ozarbayjonlik sportchi oltin medalga ega chiqdi. Ma’lumot uchun, Doniyor Soliyev Rio—2016 Olimpiadasida 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritgandi. Bundan tashqari, sportchi 2 karra jahon chempioni hisoblanadi.

Bobur Omonovdan musobaqa rekordi

Para yengil atletikaning F41 klassida yadro uloqtirish bahslarida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zosi Bobur Omonov ikkinchi urinishda 14,32 metr natija qayd etib Paralimpiya o‘yinlari rekordini o‘rnatdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, vakilimiz ushbu natijasi orqali o‘zi tomonidan 2021 yil Tokioda o‘rnatilgan Paralimpiya o‘yinlari rekordini ham yangiladi. U bundan avval Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida ham chempionlikni qo‘lga kiritgan.

Nurxon Qurbonova navbatdagi bronzani qo‘lga kiritdi

Fransiyaning Parij shahrida Paralimpiya bahslarining para yengil atletika sport turi bo‘yicha bahslar bo‘lib o‘tmoqda. Para yengil atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasida F54 klassida yadro uloqtirish bo‘yicha final bahslari yakunlandi. Ahamiyatlisi ushbu dasturda qatnashgan o‘zbekistonlik Nurxon Qurbonova 7.75 metr natija qayd etib, bronza medalga sazovor bo‘ldi. Ta’kidlash lozimki, sportchi ushbu natija orqali mavsumdagi eng yaxshi ko‘rsatkichini qayd etdi. Ma’lumot uchun, Nurxon Qurbonova bundan avval Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida kumush va bronza medalini qo‘lga kiritgan.

Medallar jamlanmasi

Xitoy 42 ta oltin, 29 ta kumush hamda 14 ta bronza medal bilan yetakchilik qilmoqda. Buyuk Britaniya esa 29 ta oltin, 14 ta kumush va 10 ta bronza medal bilan 2-o‘rinni band etgan. AQSH esa (13-19-10) kuchli uchlikni yakunlab bergan. O‘zbekiston delegatsiyasi 6 oltin, 4 ta kumush hamda 4 ta bronza medal bilan 9-o‘rinni egallab turibdi. Hozirgacha Markaziy Osiyo davlatlaridan O‘zbekistondan tashqari faqatgina Qozog‘iston ushbu bahslarda medal jamg‘arishga erishdi. Birgina kumush medaliga ega qo‘shni respublika umumjamoa hisobida 56-o‘rinda bormoqda.

3-sentyabr taqvimi

Bugungi bahslarda O‘zbekiston sport delegatsiyasining 6 nafar a’zosi medallar uchun kurashga kirishadi. Matonatli atletlarimiz para yengil atletika va para suzish bahslarida o‘z imkoniyatlarini sinovda o‘tkazishadi.

Terma jamoamiz a’zolarining chiqishlari:

Para yengil atletika

13:05. Natalya Semyonova, F56, nayza uloqtirish

Para suzish

14:04. Firdavsbek Musabekov, S13, 200 m. kompleks

14:04. Muzaffar Tursunxo‘jayev, S13, 200 m. kompleks

14:10. Dmitriy Xorlin, S13, 200 m. kompleks

14:20. Shoxsanam Toshpo‘latova, S13, 200 m. kompleks

Para yengil atletika

15:04. Izzat Turg‘unov, T36, 400 m. yugurish

Теги :
Jamiyat