Istalgan paytda yangi pandemiya boshlanishi mumkin — JSST rahbari
JSST rahbari Tedros Gebreyesus Jenevada bo‘lib o‘tgan hukumatlararo muzokaralar organi yig‘ilishida parranda grippi epidemiyasining kutilmaganda avj olishi mumkinligini ta’kidladi.
1 daqiqa o‘qiladi

JSST rahbari Tedros Gebreyesus Jenevada bo‘lib o‘tgan hukumatlararo muzokaralar organi yig‘ilishida parranda grippi epidemiyasining kutilmaganda avj olishi mumkinligini ta’kidladi.
H5N1 virusi
3 oy avval Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyo bo‘ylab parranda grippi deb ataluvchi H5N1 virusi keng tarqala boshlagani haqida bayonot bilan chiqqandi. Bunga aprel oyida AQSHda ushbu kasallik insonlarga ham yuqishi bilan bog‘liq ilk holat aniqlangani, ko‘p o‘tmay Meksikada insonlar o‘rtasida infeksiyaning yangi — H5N2 shtammidan birinchi o‘lim qayd etilgani sabab bo‘lgan.
Mutatsiya jarayoni
Kuzatuvlarga ko‘ra, ilgari faqat parrandalar nobud bo‘lishiga olib kelgan bu xastalik mutatsiyaga uchrashda davom etyapti. Oqibatda undan sutemizuvchilar turkumiga mansub ba’zi jonzotlar, masalan, qoramollar ham zarar ko‘ryapti. Endilikda xastalik odamlar hayoti va sog‘ligiga xavf tug‘dira boshlagani esa mutaxassislarni jiddiy tashvishga solmoqda. O‘tgan yili Kambodjada qayd etilgan o‘lim holatlari boshqa mintaqalarda ham yangi shtamm oqibatida kuzatilishi buning uchun yetarli asos.
Ogohlantirish
JSST rahbari Tedros Gebreyesus Jenevada bo‘lib o‘tgan hukumatlararo muzokaralar organi yig‘ilishida shu haqda to‘xtalib, dunyoda istalgan vaqtda yangi pandemiya boshlanishi mumkinligidan ogohlantiradi. Buni izohlash uchun parranda grippi epidemiyasining kutilmaganda avj olishini eslatib o‘tdi. O‘z navbatida, barcha hukumatlarni mazkur virus ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirdi.



