O‘zbekistonning eng kuchli shaxmatchilari “Zakovat-Gambit”da bellashdi
Toshkentda beshinchi bor tashkil etilgan “Zakovat-Gambit” shaxmat turniri yakunlandi. Bu yil musobaqada rekord darajadagi 5 831 nafar shaxmatchi ishtirok etdi.
3 daqiqa o‘qiladi
30-oktyabr kuni Toshkentdagi “O‘zbekfilm” pavilyonida V “Zakovat-Gambit” turnirining tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etdi.
Bu yil turnir avvalgilaridan kengroq miqyosda tashkil etildi. Ilgari saralash o‘yinlari faqat onlayn o‘tkazilgan bo‘lsa, bu safar respublikaning barcha 14 ta hududida yuzma-yuz saralash bahslari ham bo‘lib o‘tdi. Musobaqada professional va havaskor shaxmatchilar o‘z reytingi va darajasiga qarab beshta guruhda bellashdi. To‘qqiz turdan iborat final o‘yinlari yakunida barcha guruhlar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
Jahon grossmeysterlari ham O‘zbekistonga keldi
Turnirga dunyoning taniqli shaxmatchilari — vengriyalik Peter Leko va hindistonlik Koneru Hampi ham keldi. 29-oktyabr kuni ular yosh shaxmatchilar bilan bir vaqtning o‘zida bir nechta taxtada dona surdi.
Mehmonlar o‘zbekistonlik yoshlarning o‘yinlarini yuqori baholadi. Koneru Hampi mamlakatda shaxmat rivojlanib borayotganini, Peter Leko yosh shaxmatchilarning tayyorgarligi va g‘alabaga intilishi unda yaxshi taassurot qoldirganini aytdi.
Turnir g‘oliblari
A guruhi:
- 1-o‘rin — Muhammadzohid Suyarov;
- 2-o‘rin — Humoyun Begmuratov;
- 3-o‘rin — Jahongir Vohidov.
Eng yaxshi ayol ishtirokchi — Afruza Hamdamova.
B guruhi:
- 1-o‘rin — Asrorjon Omonov;
- 2-o‘rin — Sadullo Azizov;
- 3-o‘rin — Alisher Begmuratov.
Eng yaxshi ayol ishtirokchi — Umida Omonova.
C guruhi:
- 1-o‘rin — Sayyid Usmon Shamsiddin;
- 2-o‘rin — Muhammadiyor Mahamadullayev;
- 3-o‘rin — Temur Shavkatov.
Eng yaxshi ayol ishtirokchi — Ozoda Shahzodova.
D guruhi:
- 1-o‘rin — Nurmuhammad Nematillaxonov;
- 2-o‘rin — Shohjahon Mamatsalayev;
- 3-o‘rin — Ikromjon Halilov.
Eng yaxshi ayol ishtirokchi — Odina Olimova.
E guruhi:
- 1-o‘rin — Azamat Ahmedov;
- 2-o‘rin — Firdavs Ramazonov;
- 3-o‘rin — Qurbonali Tursunboyev.
Eng yaxshi ayol ishtirokchi — Madina To‘xtayeva.
G‘oliblarga qancha mukofot berildi?
Turnirning umumiy sovrin jamg‘armasi 620 million so‘mni tashkil etdi.
Har bir guruhda birinchi o‘rinni egallagan shahmatchiga 50 million, ikkinchi o‘rin sohibiga 30 million, uchinchi o‘rin egasiga esa 20 million so‘mdan pul mukofoti topshirildi.
Shuningdek, har bir guruhning eng yaxshi ayol shahmatchisi 20 million so‘mdan mukofotlandi.
Musobaqaning eng yosh va eng katta yoshli finalchilari ham alohida taqdirlandi. 8 yoshli Mustafo Po‘latov va 63 yoshli grossmeyster Tohir Vohidovning har biriga 10 million so‘mdan pul mukofoti berildi.
“Zakovat-Gambit” haqida
“Zakovat-Gambit” turniri 2021-yildan buyon “Zakovat” intellektual klubi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, “Skychess” shaxmat maktabi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida o‘tkazib kelinmoqda.
Musobaqaning o‘ziga xos jihati — unda professional shahmatchilar bilan bir qatorda havaskorlar ham qatnashishi mumkin. Ishtirokchilar reytingiga qarab guruhlarga ajratilgani sababli har kim o‘z darajasidagi raqiblar bilan bellashadi.



