Juma, 30-oktabr, 2026
Havo 116 sezgirlar uchun zararli Tirbandlik xaritasi
☀ +17° kechasi +8°
Читать на русском

Avtobuslar har 3–5 daqiqada, metro esa 2–3 daqiqada: Toshkentda jamoat transporti harakatini tezlashtirish rejalashtirilmoqda

Toshkentda tig‘iz paytlarda asosiy yo‘nalishlarga qo‘shimcha avtobuslar ajratish va metro poyezdlari orasidagi tanaffus vaqtini qisqartirish ko‘zda tutilgan. Tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berildi.

2 daqiqa o‘qiladi

автобус ташкент

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi 2026-yilning III choragi yakunlari bo‘yicha jamoat transporti faoliyatini takomillashtirishga oid qaror qabul qildi.

Tig‘iz vaqtlarda avtobuslar oralig‘i qisqaradi

Hujjatga muvofiq, poytaxt Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi hamda “Toshshahartransxizmat” AJga asosiy yo‘nalishlarga qo‘shimcha transport vositalarini chiqarish orqali avtobuslar oralig‘idagi vaqtni 3–5 daqiqagacha qisqartirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Bu o‘zgarishlar ertalabki (07:00 dan 09:30 gacha) hamda kechki (17:00 dan 19:30 gacha) tig‘iz vaqtlarni qamrab oladi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni 15-noyabrdan boshlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, tig‘iz paytlarda avtobuslarning aniq qatnov jadvali joriy etiladi. Jadvalga amal qilinishi har kuni GPS-monitoring hamda markazlashtirilgan dispetcherlik xizmati orqali qat’iy nazorat qilib boriladi.

Metroda poyezdlar oralig‘i 2–3 daqiqagacha qisqartiriladi

20-noyabrga qadar Toshkent metropoliteni poyezdlar harakati oralig‘ini 2–3 daqiqagacha qisqartirish hamda Chilonzor, O‘zbekiston, Yunusobod va yerusti halqa yo‘llarida 5 vagondan iborat tarkiblarni harakatlantirish bo‘yicha rejalarni ishlab chiqishi lozim.

Ushbu tartibni ertalabki (07:30–09:30), tushki (12:00–14:00) va kechki (17:00–19:30) tig‘iz vaqtlarda joriy etish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, 20-dekabrga qadar yo‘lovchi oqimi yuqori bo‘lgan 25 ta yo‘nalishga sig‘imi katta bo‘lgan avtobuslarni chiqarish masalasini atroflicha ko‘rib chiqish tavsiya etildi. Bunda asosiy e’tibor Uchtepa, Mirobod, Sergeli va Yangihayot tumanlariga qaratiladi.

Bundan tashqari, 15-noyabrga qadar mas’ul tashkilotlar poytaxt avtobus saroylarini 2027-yil davomida katta sig‘imli transport vositalari bilan qo‘shimcha ta’minlash bo‘yicha takliflarni shahar hokimligiga kiritishlari kerak.