Endi xususiy radarlar ham xavfsizlik kamarini taqmaganlarni aniqlaydi
O‘zbekistonda haydovchilar uchun yana bir yangilik. 1-noyabrdan tadbirkorlar o‘rnatgan radarlar ham xavfsizlik kamarini taqmaganlarni aniqlashi mumkin bo‘ladi.
2 daqiqa o‘qiladi

Biroq buning uchun kameralar haydovchining yuzi va kamar taqilgan yoki taqilmaganini aniq ko‘rsatishi shart. Yangi talablar Vazirlar Mahkamasining 29-oktyabrdagi qarorida belgilandi.
Xususiy radarlar endi kamarni ham tekshiradi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-oktyabrdagi 596-sonli qarori bilan yo‘l harakati qoidabuzarliklarini avtomatik aniqlash tizimiga o‘zgartirishlar kiritildi.
Yangi tartibga ko‘ra, 1-noyabrdan tadbirkorlar o‘rnatgan maxsus foto va video qayd etish uskunalari haydovchilarning xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalarini buzganini ham aniqlashiga ruxsat beriladi.
Bu talab avtomobilni boshqarish va yo‘lovchi tashish vaqtida xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya qilinmagan holatlarga taalluqli.
Shuningdek, qaror bilan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-apreldagi 232-sonli qaroriga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kameralar haydovchining yuzini aniq ko‘rsatishi lozim
Yangi tartibda radarlarning texnik imkoniyatlariga ham alohida talablar qo‘yilgan.
Xavfsizlik kamarini taqmaganlikni qayd etadigan kameralar yuqori sifatli suratga olishi shart. Tasvirda haydovchining yuzi, kamarni taqqani yoki taqmagani aniq ko‘rinishi kerak.
Bundan tashqari, radar qoidabuzarlik haqidagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda “Ma’muriy amaliyot” tizimiga yuborishi lozim.
Ushbu ma’lumotlarda qoidabuzarlik sodir bo‘lgan sana va vaqt, joyning aniq koordinatalari, shuningdek, uskunaning metrologik qiyoslash guvohnomasi raqami va amal qilish muddati ko‘rsatiladi.
Elektr o‘chsa ham radarlar ishlashi kerak
Qarorda kameralar elektr ta’minoti uzilgan paytda ham ishlashi uchun alohida talab belgilangan.
Endi bunday uskunalar kamida sakkiz soat davomida ishlashini ta’minlaydigan zaxira elektr manbai bilan jihozlanishi shart.
Bu elektr uzilishlari vaqtida ham qoidabuzarliklarni qayd etish imkonini beradi.
Shu tariqa, 1-noyabrdan texnik talablarga javob beradigan xususiy radarlar xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalarining buzilishini ham avtomatik aniqlashi mumkin bo‘ladi.



