«Paxtakor»ni qutqarish uchun milliardlar? Toshkent shahar hokimi klubga 5 mlrd so‘m ajratadi.
Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov futbol klubiga Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan pul ajratish haqida qaror qabul qildi. Mablag‘lar jamoa xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi.
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimi tegishli qarorni 29-oktyabr kuni qabul qildi. Mablag‘ ajratish uchun poytaxt hokimligi huzuridagi Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi hamda «Paxtakor» futbol klubining murojaati asos bo‘lgan.
Hujjatga ko‘ra, hokimning moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Dilshod Xudoybergenovga ushbu masalani Toshkent Invest AJ kuzatuv kengashi muhokamasiga kiritish topshirilgan. Kompaniya tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq klubga 5 mlrd so‘m ajratilishini ta’minlashi kerak.
Shu bilan birga, Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi ajratilgan mablag‘lar hisobidan ustav fondidagi ulushini oshirishi va pullarning maqsadli sarflanishini nazorat qilishi lozim. Mablag‘lar sarflanishi bo‘yicha hisobot Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashiga taqdim etiladi.
Klubdagi moliyaviy muammolar fonida
Avvalroq «Paxtakor» jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgani haqida xabar berilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, klub 2025-yil yakunlari bo‘yicha 50,8 mlrd so‘m zarar ko‘rgan. Jamoa xarajatlari 128,9 mlrd so‘mni, soliq qarzdorligi esa 17,1 mlrd so‘mni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, 2024-yilda klub 36,9 mlrd so‘m sof foyda bilan yilni yakunlagan.
Yozda sport nashrlari futbolchilar va klub xodimlariga maoshlar kechiktirilayotgani haqida ham yozgan edi. E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, may oyidan beri to‘lovlar amalga oshirilmagan. Biroq «Paxtakor» rahbariyati bu xabarlarni rasman izohlamagan.
Avgust oyida tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev klubni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi. Bu xabarlar ham rasman tasdiqlanmagan. Shu bilan birga, o‘sha vaqtga kelib jamoaning to‘planib qolgan qarzlari to‘lab berilgani haqida xabar qilingan.



