O‘zbekistonda 265 o‘rinli yangi onkologiya markazi quriladi
Markazni loyihalash, qurilishni boshqarish va tibbiy uskunalarni tanlashda Janubiy Koreyaning AUM & LEE Architects & Associates kompaniyasi ishtirok etadi. Shuningdek, tibbiyot muassasasi xodimlari uchun bir necha yo‘nalishda amaliy o‘quvlar tashkil etiladi.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 265 o‘ringa mo‘ljallangan yangi onkologiya markazini qurish loyihasi doirasida Janubiy Koreyaning AUM & LEE Architects & Associates kompaniyasi bilan konsultantlik xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Loyihaning navbatdagi bosqichlari Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilovning kompaniya vitse-prezidenti Li Von Sok bilan uchrashuvida muhokama qilindi.
Qurilish va tibbiy infratuzilma bo‘yicha hamkorlik
Uchrashuvda vazir yangi onkologiya markazini yuqori sifatda barpo etish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, u Janubiy Koreya tomonining tajribasi va ish sifatiga ishonch bildirdi.
Toshkent shahrida qurilishi rejalashtirilgan markaz Koreya Eksimbanki bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan tibbiyot klasterining muhim obyektlaridan biri hisoblanadi.
AUM & LEE Architects & Associates konsorsiumi loyiha doirasida bir nechta yo‘nalishda konsultantlik xizmatlarini ko‘rsatadi. Jumladan, kompaniya binolarni loyihalash, qurilish jarayonini boshqarish va nazorat qilish, tibbiy uskunalarni tanlash, shuningdek, markazda ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar hamda axborot tizimini rejalashtirish bilan shug‘ullanadi.
Markaz xodimlari uchun amaliy o‘quvlar tashkil etiladi
Loyiha doirasida yangi tibbiyot muassasasi xodimlarining malakasini oshirishga ham e’tibor qaratiladi. Buning uchun uch bosqichli amaliy o‘quv dasturlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
O‘quvlar tibbiy xizmat sifatini ta’minlash, radiologiya, yadro tibbiyoti va nur terapiyasi yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Shu tariqa, loyiha nafaqat 265 o‘rinli yangi onkologiya markazini barpo etish, balki uning faoliyatini tashkil qilish, tibbiy infratuzilmani shakllantirish va mutaxassislar tayyorgarligini ta’minlashni ham nazarda tutadi.



