Agrobank rasmiy ish joyisiz kredit olish shartlarni ma’lum qildi
Rasmiy ish joyining yo‘qligi har doim ham bankdan kredit olish imkonsizligini anglatmaydi.
2 daqiqa o‘qiladi

Agrobankda o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan va mustaqil faoliyat yuritayotgan shaxslar uchun “Mahalla loyihasi” dasturi doirasida mikrokredit ajratiladi.
Dastur o‘z ishini rivojlantirish, uskuna va asboblar sotib olish uchun mablag‘ zarur bo‘lgan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga mo‘ljallangan.
Kimlar mikrokredit olishi mumkin?
Buning uchun quyidagi shartlarga javob berish kerak:
So‘nggi ikki oy davomida rasmiy daromadga ega bo‘lmaslik;
Agrobankka biriktirilgan mahallada yashash;
Mahalla bankirining tavsiyasini olish.
Dastur doirasida 50 million so‘mgacha, besh yil muddatga mikrokredit olish mumkin. Yillik foiz stavkasi 21 foizni tashkil etadi.
Kredit olishni nimadan boshlash kerak?
Birinchi navbatda, yashash joyidagi Agrobank mahalla bankiriga murojaat qilish lozim. Unga qanday faoliyat bilan shug‘ullanish rejalashtirilayotgani, buning uchun qanday imkoniyatlar mavjudligi va qancha mablag‘ kerakligi tushuntiriladi.
Masalan, biznesni boshlash uchun 20 million so‘mlik uskuna kerak bo‘lsa, uning narxi va sotuvchining taklifini oldindan tayyorlab qo‘yish maqsadga muvofiq. Shuningdek, kreditni qaysi daromad hisobidan qaytarish rejalashtirilayotganini ham tushuntirish kerak. Bu mahalla bankiriga vaziyatni baholash va ariza beruvchining dastur talablariga mosligini aniqlashga yordam beradi.
Shundan so‘ng tavsiya olish va kredit uchun ariza topshirish tartibini aniqlashtirish mumkin. O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish va mahalla bankirining tavsiyasini olish kredit avtomatik ravishda tasdiqlanishini anglatmaydi. Har bir ariza bank tomonidan alohida ko‘rib chiqiladi.



