500 ga yaqin fuqaro nimadan norozi? “Rohat Residence” atrofidagi mojarolar kuchaymoqda
Toshkent shahri, Yashnobod tumanida joylashgan “Rohat Residence” (“Broccoli Plus” MChJ) turar joy majmuasi atrofidagi mojarolar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinyapti.
3 daqiqa o‘qiladi

Shuningdek, “Zamin qurilish building” kompaniyasidan uy sotib olgan fuqarolar UZ24.uz nashriga ushbu majmuaning auksionga qo‘yib yuborilgani bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan murojaat qildi. Biz esa holatni batafsil o‘rganish maqsadida mas’ul tashkilotlar bilan bog‘landik.

Voqealar nimadan boshlandi?
Murojaatchilarning aytishicha, 488 ta fuqaro 2022-2024-yillarda “Zamin qurilish building” nomi bilan faoliyat yurituvchi kompaniya “BROCCOLLI PLUS” MChJ bilan shartnomalar tuzib, xonadonlar uchun pul to‘lagan. Ayrim fuqarolar esa yuz million so‘mgacha mablag‘ kiritgan. Biroq ushbu ulushdorlik shartnomalari belgilangan tartibda Kadastr bazasida va tegishli davlat reyestrida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. Shu bilan birga, firma qurilish obyektini “Mikrokreditbank”dan olingan kredit uchun garovga qo‘ygan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining 2025-yil 31-oktyabrdagi qaroriga ko‘ra, “BROCCOLLI PLUS” MChJ va boshqa javobgarlardan bank foydasiga 74 milliard 578 million so‘mdan ortiq qarzdorlik undirish belgilangan. Undiruv garovdagi ko‘chmas mulk –“Rohat Residence” majmuasiga ham qaratilgan.
2026-yil 21-martda Yashnobod tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi “BROCCOLLI PLUS” MChJ hisobidagi Ohangrabo ko‘chasi, 107-B manzilidagi “Rohat Residence” obyektini xatlash haqida ajrim chiqargan. Sud hujjatida dastlabki tergov organlari aniqlagan holatlar bayon qilingan. Unga ko‘ra, fuqarolar investitsiya shartnomalari asosida mablag‘ kiritganiga qaramay, quruvchi kompaniya “Mikrokreditbank”dan 5,5 million AQSh dollari miqdorida kredit olgan. Kredit o‘z vaqtida qaytarilmagani sabab bank qarzdorlikni garov mulki hisobidan undirishga erishgan va majmuani auksionga chiqargan. Sud ajrimida kompaniya mansabdorlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani qayd etilgan.
Majmuadan uy olgan fuqarolar “dom” auksionda sotilsa, yangi ega uylarni boshqa xaridorlarga sotib yuborish xavfidan xavotir bilan ko‘plab mas’ullarga, xususan, Yashnobod tumanining o‘sha paytdagi hokimi Baxtiyor Rahmonqulovga murojaat qilgan. Hokim muammoni bartaraf qilishga va’da bergan.

4-sentyabrda lot MIB xatiga asosan bekor qilingan. Shunga qaramay, Toshkent shahar sudining 25.09.2026 yildagi qarori asosida majmua yana auksionga chiqariladi.

Bank nima deyapti?
Biz holatga aniqlik kiritish uchun “Mikrokreditbank” bilan bog‘landik. Bank ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga izoh berib, quruvchi tashkilotning kredit qarzlari qaytarilmagani sababli sudga murojaat qilishga majbur bo‘lganini ma’lum qildi. Shu bilan bir qatorda, bank fuqarolar bilan tuzilgan investitsiya (ulushdorlik) shartnomalarining tarafi hisoblanmaydi. Ushbu shartnomalar doirasidagi majburiyatlar, avvalo, ularni tuzgan tomonlar o‘rtasida hal etilishi lozim.
“Quruvchi tashkilotning
fuqarolar oldidagi majburiyatlarini bank zimmasiga yuklash yoki bank
faoliyatiga oid holatlarni bir tomonlama talqin qilish to‘g‘ri emas, deb
hisoblaymiz. “Mikrokreditbank” ATB mazkur masala qonunchilik doirasida, barcha
manfaatdor tomonlarning huquqlari inobatga olingan holda hal etilishi
tarafdoridir” – deya ta’kidlagan bank munosabatida.
Hokimlik izoh berishga va’da berdi, lekin, hali javob yo‘q
Biz “Rohat Residence” mojarosi yuzasidan Yashnobod tumani hokimligiga ham murojaat qildik. Hokimlik vakillari 22-oktyabr kuni mazkur holat atroflicha o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, masalaga to‘liq oydinlik kiritish va barcha tafsilotlarni aniqlashtirish uchun vaqt kerakligi, bir-ikki kun ichida rasmiy izoh berishini bildirildi. Biroq haligacha va’da qilingan rasmiy munosabat taqdim etilmadi.
Bundan tashqari, firma vakillari bilan bog‘lanishga harakat qildik, ammo ular javob bermadi.
Shu tariqa, bir obyekt atrofida ikki tomonning manfaatlari to‘qnashgan: bank kreditini qaytarishni talab qilmoqda, fuqarolar esa pul to‘lagan xonadonlariga ega bo‘lishni istayapti. Shu o‘rinda muhim savol tug‘iladi: fuqarolar pulini to‘lagan uy-joy majmuasi bank qarzini undirish vositasiga aylanganda, ularning manfaatlari qanday himoya qilinadi?



