Samarqandda 2 farzandning onasi o‘z joniga qasd qildi
Samarqand shahrida 42 yoshli Dildora M. ismli ayol o‘z joniga qasd qilib, vafot etdi. Marhumaning o‘g‘li onasini uy hovlisidagi turnikka ro‘mol bilan osilgan holda topgani aytilmoqda.
1 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning UZ24.uz’ga ma’lum qilishicha, hodisa 21-oktyabr kuni soat 12:30 atrofida shaharning “Ipak yo‘li” mahallasida sodir bo‘lgan. 1984-yilda tug‘ilgan ayolning bir o‘g‘il va bir qiz farzandi bo‘lgan. Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, marhumaning qizi onasi bu ishga otasi tomonidan kaltaklangani sabab qo‘l urganini aytgan. Biroq bu da’vo hozircha rasman tasdiqlanmadi.
Ayolning o‘limi yuzasidan tekshiruv boshlandi
Voqea joyiga tezkor-tergov guruhi yetib borib, dastlabki tekshiruvlarni o‘tkazgan. Ayolning o‘lim sababini va tanasida jarohatlar bor-yo‘qligini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Hozir Samarqand shahar prokuraturasi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib bormoqda. Voqea tafsilotlari aniqlashtirilmoqda.




