Blogerlarga yangi qurilayotgan uylarni reklama qilish taqiqlanishi mumkin
Yangi qurilayotgan uylardan xonadon sotib olishda xaridorlarni chalg‘ituvchi reklama va qurilishi yakunlanmay qolgan loyihalar xavfidan himoya qilishga qaratilgan yangi talablar joriy etilishi mumkin. Taklifga ko‘ra, loyiha deklaratsiyasi maxsus axborot tizimiga joylashtirilmagan turar joylarni na quruvchilar, na bloggerlar reklama qila oladi.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ulush kiritish asosida qurilayotgan ko‘p kvartirali uylarni reklama qilishga qo‘shimcha talablar joriy etilishi taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, loyiha deklaratsiyasi Yagona axborot tizimiga joylashtirilmagan turar joylarni reklama qilishga ruxsat berilmaydi. Bu haqda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Reklama berishdan oldin loyiha deklaratsiyasi e’lon qilinishi kerak
Mazkur talab “Ko‘p kvartirali uylarni va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida nazarda tutilgan.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda fuqarolar yangi qurilayotgan uylar haqida ko‘pincha reklama orqali ma’lumot oladi. Biroq quruvchi kompaniya kimligi, qurilish olib borilayotgan yerning huquqiy maqomi, obyektni barpo etish uchun ruxsatnomalar mavjudligi va uy qachon foydalanishga topshirilishi kabi muhim ma’lumotlarni mustaqil tekshirish har doim ham oson emas.
Bu esa ayrim qurilish loyihalarining muammoli obyektlarga aylanishi, qurilish ishlari to‘xtab qolishi yoki uylarni topshirish muddatlari buzilishiga olib kelishi mumkin.
Talab quruvchilar bilan birga blogerlarga ham qo‘llanadi
Taklif etilayotgan tartibga muvofiq, ulush kiritish asosida qurilayotgan uylar va xonadonlarni loyiha deklaratsiyasi Yagona axborot tizimiga joylashtirilganidan keyingina reklama qilish mumkin bo‘ladi.
Ushbu cheklov faqat quruvchi kompaniyalarga emas, balki uy-joylarni reklama qilayotgan boshqa shaxslar va blogerlarga ham tegishli bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu tariqa, xaridor reklama orqali topgan xonadonini sotib olishdan oldin uning loyiha deklaratsiyasi axborot tizimida e’lon qilinganini tekshirish imkoniga ega bo‘ladi. Deklaratsiyada quruvchi hamda qurilish loyihasi haqidagi asosiy ma’lumotlar aks ettiriladi.
Xaridorlarning pullari eskrou hisobvaraqlarida saqlanadi
Qonun loyihasi qurilish reklamasi bilan bir qatorda, fuqarolarning mablag‘larini jalb qilish mexanizmini ham o‘zgartirishni nazarda tutadi.
Buning uchun quruvchi aholi mablag‘larini jalb qilishdan oldin Yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tishi, loyiha deklaratsiyasini e’lon qilishi va bank bilan tegishli shartnoma tuzishi kerak bo‘ladi.
Xaridorlar kiritgan mablag‘lar quruvchiga bevosita berilmaydi. Ular eskrou hisobvaraqlarida saqlanadi va qurilish obyekti belgilangan talablar asosida yakunlanganidan keyingina quruvchiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda.



