Seshanba, 24-noyabr, 2026
Havo 75 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
⛅ +11° kechasi +9°

Toshkent elektron hukumat xizmatlari bo‘yicha dunyoning 37-eng yaxshi shahri deb topildi

Toshkent elektron hukumat va onlayn xizmatlar rivoji bo‘yicha xalqaro reytingda sezilarli natija qayd etdi. Poytaxt ikki yil ichida 58 pog‘ona yuqorilab, dunyoning 194 ta shahri orasida 37-o‘rinni egalladi.

2 daqiqa o‘qiladi

Elektron hukumat

Toshkent BMTning 2026-yilgi elektron hukumat tadqiqotida dunyoning 194 ta shahri orasida 37-o‘rinni egalladi. Poytaxtning ushbu natijaga erishishida mahalliy onlayn xizmatlar rivoji va elektron boshqaruv tizimining samaradorligi muhim rol o‘ynagan. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent reytingda 58 pog‘ona yuqoriladi

BMTning Elektron hukumat tadqiqoti — 2026 doirasida tuzilgan Mahalliy onlayn xizmatlar indeksi natijalariga ko‘ra, Toshkent 2024-yildagi 95-o‘rindan 37-o‘ringa ko‘tarildi. Bu poytaxtning ikki yil ichida 58 pog‘ona yuqorilaganini anglatadi.

Shuningdek, Toshkentning indeks ko‘rsatkichi 0,3646 dan 0,8911 gacha oshdi. Natijada shahar elektron xizmatlar rivojlanishi bo‘yicha “o‘rta” darajadan “juda yuqori” toifaga o‘tdi.

Poytaxtning qayd etgan natijasi Osiyo shaharlari o‘rtacha ko‘rsatkichidan (0,6343), shuningdek, global o‘rtacha darajadan (0,5584) yuqori bo‘ldi.

Osiyoda 14-o‘rin, Markaziy Osiyoda ikkinchi natija

Toshkent Osiyo shaharlari orasida 14-o‘rinni egalladi. Markaziy Osiyo miqyosida esa poytaxt faqat Olmaotadan ortda qolib, ikkinchi o‘ringa joylashdi. Olmaotaning indeks ko‘rsatkichi 0,9604 ni tashkil etgan.

Osiyo va jahon reytinglarida birinchi o‘rin Dubayga berildi. Shahar LOSI indeksida maksimal 1,0000 ball to‘plagan.

Toshkentning qaysi yo‘nalishlardagi natijalari yuqori?

Mahalliy onlayn xizmatlar indeksi shaharlarning rasmiy veb-portallari va elektron xizmatlarini oltita asosiy yo‘nalish hamda 101 ta indikator asosida baholaydi. Toshkent ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagi natijalarni qayd etdi:

  • Institutsional asoslar — 1,0000;

  • Axborot ta’minoti — 0,9032;

  • Elektron hukumat sohasidagi savodxonlik — 0,9000;

  • Elektron xizmatlar — 0,8950;

  • Elektron hukumat infratuzilmasi — 0,8571;

  • Fuqarolar ishtiroki — 0,8000.

Poytaxt institutsional asoslar yo‘nalishida maksimal ball olgan. Fuqarolar ishtiroki esa oltita yo‘nalish orasida eng past ko‘rsatkichni qayd etgan.