O‘zbekistonda radarlar faoliyati ustidan nazorat kuchaytirildi
YHXX respublikaning barcha hududlarida foto va video qayd etish qurilmalari hamda radarlarni tekshirmoqda. Qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda mas’ullarga nisbatan qonuniy choralar ko‘riladi.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yo‘llarga o‘rnatilgan tezlikni o‘lchash radarları hamda foto va video qayd etish qurilmalarining ishlashi yuzasidan tekshiruvlar boshlandi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lum qildi.
Nazorat tadbirlari YHXX xodimlari tomonidan maxsus jihozlangan avtomobillar yordamida mamlakatning barcha hududlarida olib borilmoqda.
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim radarlar qonun talablariga zid ravishda ishlayotgani, jumladan, transport vositalarining tezligini haqiqiy ko‘rsatkichdan yuqori qayd etayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Radarlarning aniqligi ham tekshirilmoqda
YHXXning ma’lum qilishicha, tekshiruvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilish, yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini nazorat qilishda qonuniylik hamda adolatni ta’minlashdan iborat.
Radarlarning to‘g‘ri va barqaror ishlashini ta’minlash uchun ushbu qurilmalar O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti mutaxassislari tomonidan muntazam ravishda metrologik tekshiruv va sinovlardan o‘tkazib kelinadi.
Bundan tashqari, maxsus jihozlangan avtomobillar yordamida o‘tkazilayotgan nazorat davomida qurilmalarning texnik talablarga mosligi, transport vositalari tezligini qayd etish aniqligi va ulardan qonuniy foydalanilayotgani ham tekshirilmoqda.
Aniqlangan texnik kamchiliklar yoki qonunbuzilish holatlari bo‘yicha mas’ul shaxslarga nisbatan amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.
YHXX yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda faqat tartib-intizomga rioya etish emas, balki nazorat jarayonlarining xolis va qonuniy bo‘lishi, fuqarolarga nisbatan adolatli munosabatda bo‘lish ham muhimligini ta’kidladi.



