OTB 2024 va 2025-yillar uchun O‘zbekiston iqtisodiyoti haqidagi prognozini yaxshiladi
Iqtisodiy o‘sishga sanoat va qurilishning jadallashuvi yordam beradi.
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston uchun o‘z iqtisodiy prognozlarini yaxshilash maqsadida qayta ko‘rib chiqdi.
Prognoz
2024-yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 6% (aprel oyidagi prognozga nisbatan +0,5%), 2025-yilda esa 6,2% (+0,6%) bo‘lishi kutilmoqda. Bu mintaqa bo‘yicha Tojikistondan keyin eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi — 6,5%.
OTB ekspertlarining fikricha, O‘zbekistonda YIM o‘sishiga hissa qo‘shgan asosiy omillardan biri iqtisodiyotning sanoat va qurilish kabi muhim tarmoqlarida o‘sish sur’atlarining tezlashgani bo‘ldi.
Sanoat o‘sishi
Birinchi yarim yillikda mamlakat sanoat tarmog‘i 7,8%ga o‘sdi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan (5,6%) sezilarli darajada yuqoridir. Infratuzilma va uy-joy qurilishiga investitsiyalarning ko‘payishi hisobiga qurilish tarmog‘i ham yuqori natijalarga erishdi va o‘sish sur’atini ikki baravar oshirib, 10,1%ga yetkazdi.
Iste’mol xarajatlari
Shu bilan birga, iqtisodiy o‘sishda iste’mol xarajatlarining ortishi muhim rol o‘ynadi.
Yaqinda ish haqi va pensiyalarning indeksatsiya qilinishi tufayli 2024-yilda iste’mol xarajatlari 5,5%ga oshdi.
Inflyatsiya prognozi
Inflyatsiya bo‘yicha prognozlarga ham tuzatishlar kiritildi. Endilikda inflyatsiyaning o‘sish sur’atlari 2024-yilda 9,5%gacha (aprel oyidagi prognozga nisbatan -0,5%) va 2025-yilda 9%gacha (-0,5%) pasayishi prognoz qilinmoqda.
OTB inflyatsiya o‘sish sur’atlarining sekinlashishini oziq-ovqat mahsulotlarining ichki taklifining oshishi va import tovarlari narxlarining pasayishi bilan bog‘lamoqda. Energiya resurslari narxlari oshganiga qaramay, umumiy inflyatsiya darajasi pasaydi, deya ta’kidlaydi tashkilot ekspertlari.



