Oltin-valyuta zaxirasi tarixiy darajada, ilk bor 41,1 mlrd. dollarga yetdi
Bunda oltin qiymati ham yangi rekord darajaga ko‘tarilib, 31,86 mlrd.ni tashkil etgan.
1 daqiqa o‘qiladi

Sentyabr oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord darajaga yetganligi haqida Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
Oyiga $1,95 mlrd.ga o‘sish
Joriy yilning 1-oktyabr holatiga ko‘ra, mamlakat zaxiralari bir oyda $1,95 mlrd.ga oshib, $41,14 mlrd.ni tashkil etdi. Bu ma’lumotlar e’lon qilina boshlanganidan keyingi davr uchun eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Qiymat ham rekord darajada
Buning asosiy sababi oltin zaxiralarining o‘sishi bilan bog‘liq bo‘ldi. O‘z navbatida, uning qiymati ham rekord ko‘rsatkichini yangiladi — $31,86 mlrd. yoki o‘tgan oyga nisbatan $1,46 mlrd.ga ko‘p.
Shu bilan birga, zaxiralarning sof hajmi oldingi daraja — 12 mln. troya unsiyada (373,2 tonna) o‘zgarishsiz qoldi. Erkin konvertatsiya qilinuvchi valyutadagi aktivlar hajmi $516,3 mln.ga oshib, sentyabr oyi oxirida $8,7 mlrd.ni tashkil etdi.
Xorijiy hisob varaqlaridagi naqd valyuta
Markaziy bankning xorijiy hisobvaraqlaridagi naqd valyuta hajmi $518,2 mln.ga oshib, $8,67 mlrd.ga yetdi. Shundan $378,7 mln.i boshqa Markaziy banklar va XVFda, qolgan $8,29 mlrd.i esa boshqa xorijiy moliya institutlarida saqlanadi.
Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlar narxi yana biroz oshgan holda $35,7 mln.ni tashkil etdi.
O‘zbekiston Markaziy banki iyul oyida oltin xaridi bo‘yicha dunyo yetakchilari uchligiga ham kirgan edi.



