$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Fan olimpiadasida sovrindor bo‘lgan o‘quvchilarning o‘qituvchilari ham taqdirlanadi

Fan olimpiadasi

Iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish tizimi yangi bosqichga olib chiqiladi – bu haqda Shavkat Mirziyoyev pedagog xodimlar bilan bo‘lgan uchrashuv vaqtida ta’kidlab o‘tdi.

Fan olimpiadalari masalasi

Ushbu yig‘ilishda muhokamalar markaziga chiqqan fan olimpiadalari masalasi ko‘tarildi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, iqtidorli o‘quvchilar uchun xalqaro darajada fan olimpiadalariga tayyorlash markazi tashkil etiladi. Rag‘batlantiriladigan xalqaro fan olimpiadalari soni 18 tadan 22 taga yetkaziladi.

Mukofot pullari

Prezident yig‘ilish davomida nufuzli xalqaro olimpiadada oltin medal olgan o‘quvchiga – 170 million so‘m, kumush medalga – 102 million so‘m, bronza medal uchun – 68 million so‘m mukofot puli berilishini ta’kidlab o‘tdi.

Shu bilan birga, o‘quvchilarning o‘qituvchilari 50 milliondan 150 million so‘mgacha mukofotlanib, ularga bir yilda 100 foizlik ustama olish imkoni yaratiladi.

Shuningdek, ilk bor xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar jamoasi rahbarlarini ham rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Har bir bronza, kumush, oltin medal uchun 5 milliondan 15 million so‘mgacha mukofot pullari beriladi.

Fan olimpiadasida sovrindorlar 2,7 barobarga oshgan

Bundan bir oy avval, nufuzli xalqaro va mintaqaviy xalqaro fan olimpiadalarida hamyurtlarimiz qo‘lga kiritgan medallar soni oxirgi yillarda 2,7 barobarga oshib, 45 tadan (2022-yil 3 ta oltin, 17 ta kumush, 25 ta bronza) 121 taga (2024-yil 15 ta oltin, 39 ta kumush, 67 ta bronza) yetganligi haqida xabar bergan edik.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonlik o‘quvchilar ishtirok etadigan xalqaro olimpiadalar soni qariyb 2 barobarga, bularda ishtirok etadigan o‘zbekistonlik o‘quvchilar soni esa o‘tgan yilga nisbatan 1,7 barobarga ortgan.

Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’lim vaziri Hilola Umarova fan olimpadasi medalistlarini taqdirlash masalasida gapirgan edi.

“Avvallari fan olimpiadalarida yutgan o‘quvchilar faqat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imtiyoziga ega bo‘lgan. 2019-yildagi Prezident qarori bilan esa fan olimpiadalari, xususan jahon olimpiadalarida yutgan o‘quvchilarimizni ham rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Nafaqat o‘quvchi yoshlarga balki ularning ustozlari ham rag‘batlantiriladi. Bu tizim asosan 5 yo‘nalishdagi fan olimpiadalari uchun ishlaydi. Qarorga ko‘ra xalqaro IT yo‘nalishi, matematika, fizika, kimyo hamda biologiya fan olimpiadalarida birinchi o‘rin olgan, oltin medal sohibiga BHM 500 barobar miqdorida taqdirlanadi. Kumush medal sovrindorlari 300 barobar, bronza medal uchun esa 200 barobar taqdirlanish belgilab qo‘yilgan.

To‘g‘ri, ko‘p hollarda sport musobaqalari va fan olimpiadalari bir xil vaqtda o‘tkaziladi. Ammo bir narsaga e’tibor qaratish lozimki, fan olimpiadalari har yili bo‘ladi. Olimpiada esa 4 yilda bir marta o‘tkaziladi”, – deya ta’kidlagan vazir.

Теги :
Jamiyat