$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Farzandini sotib “soqqa qilish” trendmi?

Odam savdosi

Toshkent viloyatining Qibray tumanida 10 yoshli qiz farzandini sotmoqchi bo‘lgan 35 yoshli ayolga sud hukmi o‘qildi. U kelishgan 2000 dollardan 500 dollarini olayotganda tezkor tadbirda ushlangan.  

O‘z farzandini sotishga nima sabab bo‘ldi? 

Ayol sudda oilada yolg‘iz boquvchi ekanini, qandli diabetga chalinganini va farzandlarini boqishga qiynalgani sabab bu ishga qo‘l urganini aytgan. Sud hukmida keltirilishicha, 1989-yili tug‘ilgan Z.A.ning 2011-yilda tug‘ilgan o‘g‘li va 2014-yilda tug‘ilgan qiz farzandi bo‘lgan. Ayol turmushidan ajralgan va ijara asosida Chirchiq shahrida yashab kelgan. Aybdor 2024-yil 29-mart sanasida o‘z yashash xonadonida 2014-yilda tug‘ilgan qizini 2 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, shundan 500 AQSH dollarini olayotgan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan. Ayol sud majlisida aybiga qisman iqror bo‘lib, bu ishga farzandlarini boqishga qiynalgani sababli qo‘l urganini aytgan. Sudda o‘g‘lining nogironligi, oilada yolg‘iz boquvchi ekanligini, farzandlarini internet tarmog‘ida va Toshkent shahridagi Chorsu bozorida kiyim-kechak sotish orqali boqib kelganini aytgan. “Qandli diabet kasalligiga chalinganman. Shuningdek, buyragimning ham bir qismi ishlamaydi. Kasalligim bois og‘ir mehnat qilolmayman. Farzandlarimni boqishga qiynalganim uchun qizimni farzandga muhtoj, o‘ziga to‘q oilaga berishni rejalashtirgandim. Uni sotish maqsadim bo‘lmagan”, - deydi ayol.  

Yolg‘iz ona jazodan qutulib qoladimi? 

U qilmishidan pushaymonligini, va yuqoridagi sabablarni aytib, suddan o‘ziga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan yengil jazo tayinlashni so‘ragan. Ammo ayolning qilmishi guvohlar va boshqa dalillar bilan to‘liq o‘z isbotini topganligi bois, Jinoyat ishlari bo‘yicha Qibray tuman sudining 2024-yil 26-iyundagi hukmi bilan Z.A. Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Hech bir sabab bilan farzandini sotmoqchi bo‘lgan onani oqlab bo‘lmaydi.  

O‘xshash holatlar 

Buxoroda ota-ona o‘z farzandini 7000 AQSH dollari evaziga sotmoqchi bo‘lgan edi. Surxondaryoda ona 4 kunlik qiz farzandini 25 million so‘m evaziga pullamoqchi bo‘lgandi. Oldinroq Samarqandda 3 yoshli qizini sotmoqchi bo‘lgan ayol 6 yilga qamalgandi.