“Qora dayjest”: 2024-yil 8-sentyabr voqealari
Rossiyadagi omborda o‘zbekistonlik ishchi halok bo‘ldi, Andijonda olimpiya sport maktabi yonib ketdi, Samarqanddagi YTHda 14 yoshli qiz vafot etdi, Uch yil davomida qidirilgan ayol O‘zbekistonga deportatsiya qilindi — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi omborda o‘zbekistonlik ishchi halok bo‘ldi
Sankt-Peterburgning Pervomayskiy tumanidagi omborda o‘zbekistonlik ishchi tigel press ichiga kirib ketdi. Bu haqda 78.ru xabar berdi.
Baxtsiz hodisa 6-sentabr kuni sodir bo‘lgan. O‘zbekistonlik 26 yoshli ishchi tasodifan tigel pressga tushib ketib, halok bo‘lgan. Uning ismi-sharifi xabarda keltirilmagan.
Qayd qilinishicha, jabrlanuvchini qutqarib qolishning imkoni bo‘lmadi, hodisa sabablari aniqlanmoqda, jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi hal qilinmoqda. Ishchi migratsiya organlarida ro‘yxatdan o‘tmagani va rasman ishga joylashmagani ta’kidlanmoqda.
Andijonda olimpiya sport maktabi yonib ketdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatidagi Shahrixon sport maktabida yongʻin chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat FVB holat yuzasidan maʼlumot berdi.
Unga koʻra, 7-sentyabr kuni soat 09:40 da Shahrixon tumani, “Buvaydo” MFY, Chinobod koʻchasida joylashgan BOʻSMning hozirda foydalanmay kelinayotgan yordamchi binosida yongʻin sodir boʻlayotgani haqida Andijon viloyati FVBga xabar kelib tushgan.
Soat 09:44 da aytilgan manzilga yongʻin qutqaruv ekipajlari yetib borgan va soat 09:46 da sodir boʻlgan yongʻin batamom oʻchirilgan. Hodisa natijasida asosiy oʻquv binosidan alohida boʻlgan yordamchi binoning jihozlari qisman yonib zararlangan. Ushbu bino foydalanishda boʻlmagan.
Hodisa natijasida tan jarohati olish holatlari qayd etilmadi. Yongʻin sodir boʻlish sabablari va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Samarqanddagi YTHda 14 yoshli qiz vafot etdi
M-39 avtomobil yo‘lining Samarqand tumani hududidan o‘tgan qismida “VAZ-2107” va “Spark” avtomobillari ishtirokidagi YTHda bir nafar fuqaro halok bo‘ldi.
Viloyat IIB YHXB bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, “VAZ-2107” avtomobili haydovchisi yo‘lda qayrilish mumkin bo‘lmagan joydan qayrilmoqchi bo‘lgan. Shu paytda “Spark” avtomashinasining yo‘liga chiqib ketgan va u bilan to‘qnashgan. Oqibatda “Jiguli” haydovchisining 2010-yilda tug‘ilgan qizi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Biroq shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan jabrlanuvchi vafot etgan.
Uch yil davomida qidirilgan ayol O‘zbekistonga deportatsiya qilindi
Firibgarlik jinoyatlarini sodir etganlikda ayblanib 2021-yildan buyon qidiruvda bo‘lgan Shoxnoza Raxmatova Sayidmurodovna O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Bu haqda Istanbuldagi bosh konsulxona xabar berdi.
Qayd etilishicha, 43 yoshli ayol Turkiya va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Istanbul shahrida qo‘lga olingan.
Konsullik ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan Istanbuldagi bosh konsulxonaga yoki O‘zbekiston IIV yoxud uning quyi tizimlariga murojaat qilishlarini so‘radi.



