$
 12170.67
20.83
 14048.60
44.69
 152.30
1.2
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 6-sentyabr voqealari

Qora 6-sentyabr

Me’yoridan ortiq baliq tutgan baliqchi 20 mln. so‘m jarimaga tortildi

Sirdaryo viloyati Xovos tumanida fuqaro T.X. ov qoidalarini buzgan holda zovurdan 4 turdagi jami 27 ta baliq ovlagani, bulardan 9 ta baliq me’yoridan (5 kg) ortiqcha ekanligi aniqlangan.

“Natijada hayvonot dunyosiga 14 mln. 960 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan”, – deyiladi Ekologiya vazirligi xabarida.

Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan MJTKning 90-moddasi 1-qismiga ko‘ra ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. T.X., shuningdek, BHMning 15 baravari — 5 mln. 100 ming so‘m miqdorida jarimaga ham tortildi. Shu tariqa u qilmishi uchun jami 20 million 60 ming so‘m (jarima va zarar) to‘laydigan bo‘ldi.

Turkiyaga ketgan oʻzbekistonlik yigit bedarak yoʻqoldi

Turkiyaga ketgan oʻzbekistonlik yigit bedarak yoʻqolgani aniqlandi. Bu haqda mamlakatning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, yaqin qarindoshlarining murojaatiga koʻra, 2022-yil oktyabr oyida Oʻzbekistondan Turkiyaga chiqib ketgan va bedarak yoʻqolgan 1999-yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan Doston Oʻktam oʻgʻli Norsaidov qidirilmoqda.

Rossiyada oʻzbekistonliklarning qariyb 50 million soʻm puli berilmadi

Rossiyada qariyb 50 million soʻm maoshini ololmayotgan oʻzbekistonliklarning ish haqi undirib berildi, deb xabar bermoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.

Agentlikning Yekaterinburg shahridagi vakili aralashuvi bilan Chelyabinskda joylashgan qurilish korxonasida ishlab kelayotgan yurtdoshlarning ish beruvchi tomonidan berilmayotgan 340 ming rubl (salkam 50 mln soʻm) oylik maoshi undirib berildi.

Mikroavtobus va yuk mashinasi toʻqnashdi

Fargʻona viloyati Quva tumanida yuk mashinasiga urilgan mikroavtobus pachoqlanib ketdi. Viloyat YHXB holat yuzasidan maʼlumot berdi.

Unga koʻra, holat 5 sentyabr kuni soat 11:20 larda Quva tumanida sodir boʻlgan. Hyundai rusumli mikroavtobus haydovchisi boshqaruvni yoʻqotib, yoʻl chetida toʻxtab turgan yuk mashinasiga borib urilgan.

Yoʻl-transport hodisasi oqibatida tan jarohati olganlar yoʻq. Hozirda ushbu holat yuzasidan Quva tumani Ichki ishlar boshqarmasi YHXB tomonidan oʻrganish ishlari olib borilmoqda.

Haydovchilik guvohnomasini va’da qilganlar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shirin shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Sh.A. fuqaro D.A.ning ishonchiga kirib, unga tanishlari yordamida o‘quv kurslariga qatnashmasdan 1 400 AQSh dollari evaziga haydovchilik guvohnomasini olib berishini aytib, oldindan 300 AQSh dollari va 1,2 mln so‘m pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.  

Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida Navoiy shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Ch.Ya. fuqaro M.J.ga go‘yoki viloyat YHXBda ishlovchi tanishlari orqali “B” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga 15 mln so‘m pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Yangiyo‘l shahar bo‘limi va IIV xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro G.T. (muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan) fuqaro X.M.ga tanishlari orqali o‘quv kurslariga qatnashmasdan haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga 900 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Теги :
Jamiyat