“Qora dayjest”: 2024-yil 5-sentyabr voqealari
Sharof Rashidovning o‘g‘lining vafoti, 32 nafar bog‘cha bolasini tashigan haydovchi, “davo uchun” ko‘knor yetishtirgan shaxs, odam savdosi bilan shugʻullangan ayol, 4 ta avtomobil ishtirokida YTH, Istabulda qolib ketgan o‘zbekistonlik qiz — kunning “qora” xabarlari bilan tarnishing.
4 daqiqa o‘qiladi

Sharof Rashidovning o‘g‘li vafot etdi
Sharof Rashidov fondi boshqaruv raisi, davlat va jamoat arbobi Ilhom Rashidov 74 yoshida vafot edi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi. U Sharof Rashidovning yagona o‘g‘il farzandi hisoblanadi.
“Adliya vazirligi jamoasi Notariat, advokatura va mediatsiya boshqarmasi, notariat bo‘limi bosh maslahatchisi Nadira Ilhomovna Rashidovaning otasi Ilhom Sharofovich Rashidovning vafoti munosabati bilan chuqur hamdardlik bildiradi”, deyiladi xabarda.
Ilhom Rashidov SSSR Davlat xavfsizlik komiteti oliy maktabini bitirib, shu sohada xizmat qilgan.
Damas haydovchisi mashinasida 32 nafar bog‘cha bolasini tashidi
O‘nlab bolalarni bir mashinaga o‘tqazib harakatlanish bo‘yicha navbatdagi holat Andijon tumanida qayd etildi: Damas haydovchisi 32 nafar bolani bog‘chaga olib ketayotganda to‘xtatildi. Haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va 187,5 ming so‘m jarima qo‘llandi.
Toshkent viloyatida Jetour suv taqsimlash inshootiga tushib ketdi
4-sentabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida ko‘prikdan o‘tayotgan mashina suv taqsimlash inshootiga quladi, deb xabar beradi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.
Soat 16:00 da G‘azalkent-Chirchiq yo‘lida harakatlanib ketayotgan Jetour avtomobili haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda Oqtosh ko‘prigidan G‘azalkent suv taqsimlash inshootiga tushib ketgan.
“Davo uchun” ko‘knor yetishtirgan shaxsga jazo tayinlandi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudida o‘qilgan hukm 52 yoshli Shahnoza Xo‘jayevaning (ismi sharifi o‘zgartirilgan) salkam ikki yilga ozodligini chekladi. Sud raisining bildirishicha, u o‘z xonadonida giyohvandlik o‘simligi hisoblangan 3 tup ko‘knor o‘simligini yetishtirgan.
Qorako‘l tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Shahnoza Xo‘jayevaning yashash uyi tomorqasidagi poliz ekinlari orasida qonunga xilof ravishda ko‘knor ekib, unga agrotexnik ishlov bergani va bu o‘simlikni parvarishlab kelgani aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, ayol ushbu o‘simlikni o‘zi iste’mol qilib kelgan.
4.55 grammga teng bo‘lgan ko‘kimtir rangli o‘simlik urug‘lari va 73,88 grammga teng bo‘lgan sarg‘ish rangli o‘simlik boshoqlari tegishli tartibda yo‘q qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 270-moddasi (Ta’qiqlangan ekinlarni yetishtirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topilib, aybdorga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan.
Sirdaryoda odam savdosi bilan shugʻullangan ayol qoʻlga olindi
Huquq-tartibot idoralari xodimlari ayolni uch nafar tanishi bilan chegara postida toʻxtatgan. U oʻzi bilan birga boʻlgan ayollar uning qoʻshnilari ekanini, ular shunchaki, kuzatib qoʻyish uchun chiqqanini aytan. Tekshiruv davomida sudlanuvchi jabrlanuvchilarning pasportlaridan foydalangan holda elektron aviachiptalar sotib olgani maʼlum boʻlgan.
U 2024-yilning aprel oyida Rossiyadan Oʻzbekistonga qaytib, kam taʼminlangan qoʻshnilarining ishonchiga kirgan va ularni xorijda fohishalik bilan shugʻullanib, yaxshigina pul topish mumkinligiga ishontirgan.
Sudlanuvchi jabrlanuvchilarning oʻzlari bu taklifga rozi boʻlganini aytib, jazosini yengillashtirishni soʻragan. Unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 3 yil 6 oy qamoq jazosi tayinlandi.
Samarqandda erkak bir tup terak uchun 8,5 million jarima to‘ladi
Nazorat reyd tadbirlaridan birida Tinchlik mahallasida yashovchi fuqaro M.R. mahalla hududidagi bir tup terak daraxtini oʻzboshimchalik bilan kesib tashlagani aniqlangan.
Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 79-moddasi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa oʻsimliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yoʻq qilish yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtkazish) 1-qismiga muvofiq maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Huquqbuzar BHMning 25 baravari — 8 million 500 ming soʻm miqdorida jarimaga tortildi. M.R. jarima bilan birga oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar — 680 ming soʻmni ham toʻlaydigan boʻldi.
4 ta avtomashina ishtirokida YTH sodir boʻldi
Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani hududidan oʻtgan xalqaro ahamiyatga ega M39 yoʻlida 4 sentyabr kuni soat taxminan 17:00 larda YTH sodir boʻldi.
Yoʻlning dovon qismida harakatlanib kelayotgan “Gaz-52” yuk avtomashinasi haydovchisi nishablikda boshqaruvni yoʻqotgan. Oqibatda ushbu yuk avtomashinasi oʻzidan oldinda bir yoʻnalishda harakatlanib ketayotgan Captivaʻning orqa chap yon tomonidan va Nexia-3ʻning orqa tomonidan urgan. Toʻqnashuv oqibatida Nexia-3 oʻzidan oldinda boʻlgan Spark avtomashinasining orqa qismiga urilgan.
Hodisa oqibatida halok boʻlganlar yoʻq. Nexia-3 avtomashinasi yoʻlovchisiga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatilgan.
Oʻzbekistonlik 21 yoshli qiz Istanbulda koʻchada qolib ketdi
Oʻzbekistonlik 21 yoshli ayol ammasi taklifiga koʻra Istanbulga borib, koʻchada qolib ketgani maʼlum boʻldi. Bu haqda mamlakatning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Unga koʻra, Istanbulga oʻz ammasining taklifi asosida ishlashga kelib, qiyin vaziyatda qolgan. U 2 kun koʻchada yashash joysiz yurgan, Jizzax viloyatidan kelgan 21 yoshli fuqaroning (ayol kishi) vatanga qaytishi taʼminlandi.



