“Qora dayjest”: 2024-yil 29-sentyabr voqealari
Toshkentda o‘zini bank xodimi deb tanishtirib, o‘zganing 15 mln. so‘mini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi, Termizda temiryo‘l kesishmasidan o‘tmoqchi bo‘lgan “Gazel” ag‘darildi, Olmazor tumanida yana yo‘llar yopildi, Jizzaxda “prava”siz yigitlar ko‘chada “hunar ko‘rsatdi” — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda o‘zini bank xodimi deb tanishtirib, o‘zganing 15 mln. so‘mini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi
Toshkent viloyatida yashovchi 38 yoshli (ayol) M.G‘. ichki ishlar organiga murojaat qilib, nomaʼlum sabablarga ko‘ra 15 mln. so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari nomaʼlum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganini maʼlum qilgan. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Toshkent shahrida yashovchi U.R. ismli shaxs sodir etgani aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan U.R. jabrlanuvchi (ayol) M.G‘.ga qo‘ng‘iroq qilgan va o‘zini “bank xavfsizlik xizmati xodimi” sifatida tanishtirgan. So‘ng soxta havola yuborish orqali bank kartasi boshqaruvini qo‘lga kiritgan hamda uning hisobida bo‘lgan 15 mln. so‘mni o‘zining plastik kartasiga o‘tkazib olgan.
Termizda temiryo‘l kesishmasidan o‘tmoqchi bo‘lgan “Gazel” ag‘darildi
Viloyat YHXB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, voqea 28-sentyabr kuni soat 16:40 larda sodir bo‘lgan. Termiz—Baqtriya temiryo‘l bekatlari oralig‘ining 4465-kilometri 7-piketida qo‘riqlanadigan temiryo‘l kesishmasiga poyezd yaqinlashayotgani sababli avtotransport vositalarining harakati cheklangan.
Biroq 1994-yilda tug‘ilgan haydovchi “Gazel” avtomobilida qoidalarni buzgan holda harakatlangan va temir to‘siqqa urilib, ag‘darilgan.
Hodisa oqibatida elektrovoz tortib ketayotgan Termiz—Darband shaharlararo qatnovchi yo‘lovchi poyezdi to‘xtab qolgan. Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida yo‘lovchi poyezdi shu kuni soat 17:25 da harakatni davom ettirgan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Mas’ullar tomonidan holat bo‘yicha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Olmazor tumanida yana yo‘llar yopildi
Bugun, 29-sentyabr kuni Olmazor tumanida yana yo‘llar yopildi.
Olmazor tumanida ta’mirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan Kichik halqa yo‘lining Qorasaroy chorrahasidan Talabalar ko‘chasigacha bo‘lgan qismi, shuningdek, Keles avtomagistralining Qoraqamish ko‘chasi chorrahasidan Nurafshon ko‘chasining halqa bog‘lamasigacha bo‘lgan qismi soat 07:30 dan 17:00 gacha yopiladi, deyiladi xabarda.
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan holat bo‘yicha haydovchiga tegishli chora ko‘rildi
Yunusobod tumanida davlat raqam belgisi 10O702XA bo‘lgan Lacetti rusumli avtomashina haydovchisi, yo‘l harakati qoidalarini buzib o‘zi va o‘zgalarning hayotini xavf ostiga qo‘ygan holda turli manyovrlar bilan tegishli hujjatlarsiz avtomashina boshqargan haydovchi 2003-yilda tug’ilgan A.N.ga nisbatan o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi MJTKning tegishli moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi hamda avtomashina vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga qo‘yildi va haydovchi bilan profilaktik suhbat olib borildi.
Jizzaxda “prava”siz yigitlar ko‘chada “hunar ko‘rsatdi”
Ijtimoiy tarmoqda Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida bir guruh shaxslar tomonidan xavfli manyovrlar sodir etilgani aks etgan video tarqalmoqda.
Qayd etilishicha, ushbu video viloyat YHXB xodimlari tomonidan o‘rganilib, transport vositalari va ularni boshqargan fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritilgan.
Aniqlanishicha, yigitlarning ayrimlarida haydovchilik guvohnomasi mavjud bo‘lmagan. Ular do‘stining to‘yi kuni kortejda shunday huquqbuzarlikni sodir etganini aytishgan.
Hozirda ularga nisbatan belgilangan tartibda qonuniy chora ko‘rilib, avtomashinalar vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.



