Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 84 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
⛅ +10° kechasi +9°

“Qora dayjest”: 2024-yil 24-sentyabr voqealari

Voyaga yetmagan vaynerning otasi jazolandi, fuaqaro postdan giyohvandlik moddalarini g‘ayrioddiy yo‘l bilan olib o‘tmoqchi bo‘ldi, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev jarimaga tortildi, MChJ rahbari 9 kishining nomiga imtiyozli kredit olib o‘zlashtirdi — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.

3 daqiqa o‘qiladi

“Qora dayjest”: 2024-yil 24-sentyabr voqealari

Farg‘onada voyaga yetmagan vaynerning otasi jazolandi

Farg‘onada voyaga yetmagan bola avtomobil boshqarib yurganligi, u boshqa bir voyaga yetmagan qiz bilan bir-birlariga sevgi izhor qilayotganligi aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Ushbu holat yuzasidan Farg‘ona viloyati IIB izoh berdi.

Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar har tomonlama hujjatlar o‘rganib chiqilib voyaga yetmagan shaxs otasiga va videotasvirni yaratib tarqatgan shaxsga nisbatan MJtKning 47-moddasi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) asosan ma’muriy jazo tayinlandi.

Fuaqaro postdan giyohvandlik moddalarini g‘ayrioddiy yo‘l bilan olib o‘tmoqchi bo‘ldi

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Oybek” chegara bojxona posti orqali O‘zbekistonga piyoda holda kirib kelgan fuqaro o‘z xatti-harakatlari bilan bojxona xodimlarining e’tiborini tortdi va fuqaro “Body scanner” qurilmasi orqali tekshirildi.

O‘tkazilgan tekshiruv natijasida fuqaro oyoqlarining son qismi tomoniga polietilen paketga o‘rab yashirilgan, sof vazni 899,9 gr “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom etmoqda.

Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayevga jarima yozildi

Toshkent shahrida Parij Olimpiadasi chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev prezident sovg‘a qilgan Tahoe avtomobilida 110 km/soat tezlikda harakatlangan videosi tarqaldi. Bu videoni sportchining o‘zi Instagram sahifasiga joylashtirgan. Video keyinroq o‘chirib yuborilgan.

Holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgach, Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavsizligi boshqarmasi sportchi jarima qilinganini e’lon qildi.

“Tezlikni belgilangan me’yordan oshirib harakatlangan Tahoe avtomashinasi haydovchisiga chora ko‘rildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda davlat raqam belgisi 01 Z 001 ZZ bo‘lgan Tahoe rusumli transport vositasi haydovchisi yuqori tezlikda (110 km/s) harakatlanganligi aks etgan videolavha tarqalgan. Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan haydovchi 2001 yilda tug‘ilgan M.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJTKning 128 prim 3-moddasi 3-qismiga muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib haydovchi bilan profilaktik suhbat olib borildi”, deyiladi xabarda.

MChJ rahbari 9 kishining nomiga imtiyozli kredit olib o‘zlashtirdi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Ohangaron shahar bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro A.A. (muqaddam JKning 167-moddasi bilan sudlangan) 5 ta MChJ rahbari bilan o‘zaro til biriktirib, o‘zining nomiga “N.I.” MChJni tashkil qilib, hududiy tijorat banki filialidan 9 nafar fuqaroning nomiga jami 357,1 mln. so‘m imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablag‘larni yuqoridagi MChJlar orqali naqdlashtirib olganligi aniqlangan.

Toshkentda avtobus ikkita mashina bilan to‘qnashib ketdi

Bugun, 24-sentyabr kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanida yo‘lovchi avtobus ikkita avtomashina bilan to‘qnashib ketdi. Bu haqida “Toshshahartransxizmat” AJ maʼlum qildi.

Holat soat 10:10 larda Olmazor tumani Talabalar ko‘chasida sodir bo‘lgan. “King Long” rusumli avtobus haydovchisi ko‘cha bo‘ylab harakatlanib ketayotgan vaqtida Cobalt va Tacker bilan to‘qnashib ketgan.

Dastlabki maʼlumotga ko‘ra, ushbu yo‘l-transport hodisasi Cobalt rusumli avtomobil haydovchisi aybi bilan sodir etilgan. Oqibatda Tracker haydovchisi K.F., undagi ikki nafar yo‘lovchilar yengil tan jarohati olgan. Bundan tashqari, uchala transport ham texnik jihatdan shikastlangan.

Jizzaxda haydovchi Damasga katta yoshdagi 14 kishini mindirib harakatlandi

Jizzax viloyatida haydovchi Damasga katta yoshdagi 14 kishini mindirib harakatlangan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Jizzax viloyatidagi yo‘llarning birida xizmat vazifasini olib borayotgan YPX xodimi harakatlanib ketayotgan Damas mashinasini to‘xtatib haydovchidan necha nafar yo‘lovchi olib yetayotganini so‘raganda u 11 nafar deb javob beradi.

Biroq mashinadagi yo‘lovchilar tushirilib, sanab ko‘rilganda ularning soni 14 nafar ekani oydinlashadi.