“Qora dayjest”: 2024-yil 23-sentyabr voqealari
Haydovchi mashinasi bilan kanalga tushib ketdi, ushbu haftada O‘zbekistonda yog‘ingarchilik kuzatiladi, 4 milliondan ortiq pulni “uxlatgan” fuqaro qo‘lga olindi — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Chirchiqda haydovchi mashinasi bilan kanalga tushib ketdi
22-sentyabr, yakshanba kuni soat 20:40 atrofida haydovchi Spark avtomashinasida harakatlanib ketayotgan vaqtda ehtiyotsizlik qilib Chirchiq shahridagi M.Ulug‘bek mahallasidan oqib o‘tuvchi “Zax” kanaliga tushib ketgan.
Chirchiq shahar FVB qutqaruvchilari kelib tushgan xabarga ko‘ra, zudlik bilan aytilgan manzilga yetib borgan va maxsus texnika va asbob-anjomlar yordamida avtomobilni kanaldan chiqarib olgan.
Avtomobilda haydovchining o‘zi bo‘lgan. Haydovchi avtomobil suvga tushgan vaqtda o‘z harakatlari bilan quruqlikka chiqib olgan.
Hodisa oqibatida vafot etgan va tan jarohati olganlar yo‘q.
Ushbu haftada O‘zbekistonda yog‘ingarchilik kuzatiladi
O‘zgidromet xabariga ko‘ra, ushbu haftaning birinchi yarmida O‘zbekiston hududining katta qismida quruq va iliq ob-havo saqlanib turadi. Faqat 24-25-sentyabr kunlari Qoraqalpog‘istonda va 25-sentyabrda Xorazm viloyatining ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘adi.
Haftaning ikkinchi yarmida respublika hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan biroz salqin va nisbatan nam havo kirib kelishi kutilmoqda. 26-27-sentyabr kunlari Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘adi.
Bank ilovasiga ikkinchi foydalanuvchi sifatida ulanib olgan shaxs qo‘lga olindi
Toshkent viloyatida yashovchi Sh.U. IIOga murojaat qilib, uning otasi Sh.J.ga tegishli bank kartasidan 4.338 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent viloyatida yashovchi O‘.Z. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan O‘.Z., jabrlanuvchi Sh.J.ning avval foydalanuvida bo‘lgan ammo, hozirda bank ilovasi faol bo‘lgan telefon qurilmasini sotib olgan va bank ilovasiga ikkinchi foydalanuvchi sifatida ulanib olib, 4.338 000 so‘m pullarini o‘zlashtirib olganligi ma’lum bo‘ldi.
Elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Qarshi tumanida faoliyat yurituvchi “K.A.” xususiy korxonasi rahbari va boshqalar korxonaning avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida o‘rnatilgan elektr hisoblagichni yechib olib, jami 361,9 mln. so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.



