“Qora dayjest”: 2024-yil 22-sentyabr voqealari
Katta Chimyon tog‘ida adashib qolgan to‘rt kishi qutqarildi, yosh bolasini ayovsiz urgan ayolga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, Toshkentda havo yomonlashdi, dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
3 daqiqa o‘qiladi

Katta Chimyon tog‘ida adashib qolgan to‘rt kishi qutqarildi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi tog‘da yo‘ldan adashib qolgan fuqarolar qutqarildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, 21-sentabr kuni soat 16:15 da Toshkent viloyati FVBga Bo‘stonliq tumani Chimyon mahalla hududidagi Katta chimyon tog‘iga to‘rt nafar fuqaro sayr qilish maqsadida borib, yo‘ldan adashib qolganligi haqida xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan, Chimyon yong‘in-qutqaruv otryadidan bir guruh qutqaruvchilar zudlik bilan aytilgan manzilga yetib borib, fuqarolar xavfsiz hududga olib tushilgan. Tan jarohati olgan yo‘q, deyiladi xabarda.
Yosh bolasini ayovsiz urgan ayolga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Ijtimoiy tarmoqlarda ayol kishi yosh bolani urgani aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 2022-yilning taxminan avgust oylarida sodir bo‘lgan. 1997-yilda tug‘ilgan L.M. Shayxontohur tumanida joylashgan yashash xonadonida 2020-yilda tug‘ilgan farzandi R.S.ga qo‘pol munosabatda bo‘lib, jahl ustida uni urgan.
Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Toshkentda havo yomonlashdi
Toshkent shahri xavosi sifat darajasi soat 08.00 holatiga biroz yomonlashgan, deb xabar berildi Uzb Meteo kanalida.
“Poytaxt hokimligi, Ekologiya vazirligi va Oʻzgidromet bilan hamkorlikda yaratilgan yuqoridagi portal maʼlumotlari ham buni tasdiqlaydi. Poytaxtning janubi—gʻarbida havoda mayda dispers zarrachalar bilan bogʻliq ifloslanish ʻzararliʻ tasnifga ega.
Kuzning soʻnggi oylari va qish mavsumida endi biz bu kabi havo ifloslanish hodisalari bilan tez—tez toʻqnash kelaveramiz”, deyiladi xabarda.
Fargʻonada erkak birovning nomiga kredit oldi
Fargʻonada aldov yoʻli bilan oʻzganing nomiga kredit olgan shaxs ushlangan. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.
Surxondaryo viloyatida yashovchi 51 yoshli B.K. IIBga murojaat qilib, uning nomiga nomaʼlum sabablarga koʻra onlayn kredit rasmiylashtirilganini maʼlum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Fargʻona viloyatida yashovchi 36 yoshli R.E. sodir etgani aniqlangan.
Unga koʻra, gumonlanuvchi R.E. jabrlanuvchi B.K.ga qoʻngʻiroq qilgan va oʻzini bank operatori sifatida tanishtirib, soxta havola yuborish orqali uning shaxsiy maʼlumotlarini qoʻlga kiritgan.
Soʻng uning nomidan mobil ilova orqali roʻyxatdan oʻtib, onlayn tarzda 8 mln. soʻm onlayn kredit rasmiylashtirib, pullarni oʻzining bank kartasiga oʻtkazib olgan.
Dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi
Toshkent viloyati Ohangaron tumanida noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning mazkur tuman bo‘limi hamda DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar F.M. va N.J. noqonuniy daromad orttirish maqsadida “Vivafer” nomli 826 quti dori vositasini 9 000 AQSh dollari va 40 mln. so‘mga sotayotgan vaqtida ushlanib, tadbir davomida jami 829 quti ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.



