$
 12729.48
-20.27
 14156.45
14.43
 139.72
-0.53
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 12-sentyabr voqealari

Qora 12-sentyabr

Besh yildan buyon qidiruvda bo‘lgan erkak Turkiyadan O‘zbekistonga deport qilindi

Firibgarlikda ayblanib qidiruvga berilgan 47 yoshli erkak Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi, deya xabar bermoqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulligi.

Qayd etilishicha, Atabek Abdullayev 2019-yildan buyon firibgarlik sodir etganlikda ayblanib kelmoqda.

U Turkiya va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olindi. So‘ngra bosh konsulxona xodimlari ishtirokida O‘zbekistonga deportatsiya qilindi.

Tadbirkorga uy qurish ruxsatnomasini sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

Tadbirkorga 10 000 AQSh dollari evaziga turar-joy binosini qurishga ruxsatnoma olib berishni va’da qilgan firibgar ushlandi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangihayot tumani bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbirda o‘tkazilgan.

Unda fuqaro S.O. “X.T.” MChJ tomonidan Xorazm viloyati Urganch shahrida qurilayotgan sport maktabi binosining yuqori qavatiga turar-joy binosini qurishga go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida ruxsatnoma olib berishi evaziga 10 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Chirchiq daryosidan qum-shag‘al qazib olinishi oqibatida tabiatga 441 mlrd. so‘mdan ortiq zarar keltirildi

Chirchiq daryosining Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismidan bir guruh shaxslar noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olish bilan shug‘ullanib kelgani aniqlandi. Bu haqda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev o‘z Telegram kanalida xabar qildi.

Jarayonda bir qism qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yer maydoni ham yo‘q qilingani ma’lum bo‘lgan. O‘rganishlar davom etmoqda.

O‘rganishda ushbu noqonuniy harakatlar oqibatida tabiatga 441 mlrd. 299 mln. so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani aniqlangan.

Farg‘onada sog‘lig‘i yomonlashgan Lacetti haydovchisi YTH sodir etdi va halok bo‘ldi

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan haydovchi halok bo‘ldi, deb xabar beradi viloyat YHXB axborot xizmati.

Lacetti mashinasining 61 yoshli haydovchisi Oqtepa mahallasidan o‘tgan yo‘lda harakatlanib ketayotganda sog‘ligi yomonlashgan va boshqaruvni yo‘qotgan.

Oqibatda avtomobil qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, kichik yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.

YTHda Lacetti haydovchisi og‘ir jarohatlar bilan voqea joyida halok bo‘lgan.

Jizzaxda Nexia va Lacetti to‘qnashuvida ikki kishi halok bo‘ldi

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida 3-sentabr kuni sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati ma’lum qildi.

YTH soat 17:10 atrofida Rabot mahallasidan o‘tuvchi Zomin-Jizzax yo‘nalishida yuz bergan. Nexia haydovchisi tezlikni me’yordan oshirib, quvib o‘tish qoidalarini buzgan va qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan.

Shu vaqtda u qarshisidan harakatlanib kelayotgan 41 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Lacetti bilan to‘qnashgan.

YTHda Nexia mashinasining 42 yoshli haydovchisi og‘ir jarohatlar bilan voqea joyida halok bo‘lgan. Undagi 66 yoshli yo‘lovchi esa shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Теги :
Жамият