$
 12142.10
-52.11
 14079.98
95.66
 150.53
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 1-sentyabr voqealari

Qora 1-sentyabr

 Buxoroda mudhish jinoyat: erkak yosh xotinining qotiliga aylandi

Buxoro tumanidagi Rabotak mahallasida yashovchi 50 yoshli fuqaro A.D. qonuniy nikohidagi 24 yoshli xotini R.K.ni pichoqlab o‘ldirgan va voqea joyidan yashiringan. Ayol uning uchinchi xotini bo‘lgan.

R.K. oiladagi yetishmovchilik sababli Rabotak mahallasidagi kafelardan birida ishlashga majbur bo‘lgan. A.D. esa turmush o‘rtog‘ini o‘rinsiz rashk qilib, har kun ishxonasiga borib, janjal ko‘tarib kelavergan. Ayniqsa, R.K.ning qaynopasi S.M.ning qo‘l telefoniga «keliningiz begona erkaklar bilan yuradi» deya jo‘natilgan asossiz rasmlar A.D.ning g‘azabini battar qo‘zg‘atgan. U jahl ustida kafega borgan va xotini bilan janjallashgan. Janjal oqibatida oshxona pichog‘i bilan R.K.ning chap bel sohasiga og‘ir tan jarohati yetkazgan va voqea joyidan yashiringan. Ayol voqea joyida vafot etgan.

Buxoro viloyat prokuraturasi axborot xizmatining bildirishicha, ayni paytda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Paralimpiya triatlon poygalari bir kunga kechiktirildi

Parij-2024 Paralimpiya oʻyinlaridagi para-triatlon musobaqalarining oʻtkazilishi Sena daryosidagi suv sifati yomonlashgani sababli 24 soat keyinga qoldirildi.

Xalqaro Triatlon Ittifoqining bayonotida keltirilishicha, tashkilot tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvda daryodagi suv sifat jihatdan belgilangan xavfsizlik mezonlariga javob bermagan. Bu koʻrsatkichlar, oʻz oʻrnida, musobaqa ishtirokchilari salomatligi uchun xavf tugʻdirishi mumkinligi sababli 11 ta kategoriya boʻyicha oʻtkaziladigan triatlon poygalarining barchasi bir kunga kechiktirilgan.

Samarqandda 10 ming dollarga giyohvandlik moddasini sotayotganlar ushlandi

Samarqand viloyatida giyohvandlik moddasini shartli xaridorga sotmoqchi boʻlgan ikki nafar shaxs ushlangan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, 2024 yil 23 avgust kuni Samarqand viloyati IIB va DXX viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Tadbirda Jomboy va Urgut tumanida yashovchi ikki nafar shaxs shartli xaridorga 700 gramm 10 ming dollarga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kiberxavfsizlik markazidan ogohlantiruv

Ijtimoiy tarmoqlarda “OrientFinansBank” nomidan foydalanib, “Kredit tezkor mikroqarz 3 daqiqa ichida hujjatlarsiz, foizsiz oling” mazmunida yolg‘on xabarlar tarqatilmoqda. Mazkur xabarlar yolg‘on va haqiqatga mos kelmaydi. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.

“Onlayn kredit bo‘yicha ma’lumot olish uchun bankning rasmiy manbasiga murojaat qilishingizni tavsiya etamiz. Fuqarolardan bu kabi yolg‘on ma’lumotlarga ishonmaslikka hamda virtual firibgarlardan ogoh bo‘lishga chaqiramiz”, deyiladi xabarda.

Теги :
Jamiyat