$
 12584.05
12.15
 13535.40
69.64
 143.80
-0.03
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 1-iyul voqealari

Qora 1-iyul

Rossiyada ikki nafar o‘zbekistonlik cho‘kib ketdi

Rossiyaning Irkutsk viloyatida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi cho‘kib ketdi. Bu haqda “TK Gorod” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, voqea 29-iyun kuni Chunskiy tumanida joylashgan Oktyabrskiy qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Chuna daryosida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi cho‘kib halok bo‘lgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, 20 va 21 yoshli shaxs qirg‘oqda cho‘milayotgan bo‘lgan, shundan so‘ng ulardan biri cho‘kib keta boshlagan, ikkinchisi esa uni qutqarishga uringan. Oqibatda fuqarolarning ikkisi ham suvga g‘arq bo‘lgan.

“O‘zbekiston fuqarolarining jasadlari hozircha topilmagan. Qidiruv ishlarida qutqaruvchilarga ko‘ngillilar yordam bermoqda. Erkaklar cho‘kib ketgan joyda daryoning chuqurligi 5,7 metrni tashkil etadi, suzish taqiqlanadi. Qirg‘oqda tegishli belgi o‘rnatilgan”, deyiladi xabarda.

Chirchiqda bozorchi ayol o‘zini yoqib yuborish bilan tahdid qildi

Toshkent viloyati Chirchiq shahar hokimligi o‘zini yoqib yubormoqchi bo‘lgan sotuvchi ayol yuzasidan ma’lumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi Chirchiq shahrida sotuvchi ayol qo‘liga benzin solingan yelim idishni olib, Milliy gvardiya xodimlari oldida o‘zini yoqib yuborish bilan tahdid qilgani tasvirlangan video tarqaldi.

Holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilgan. Aniqlanishicha, videoyozuvdagi shaxs Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida tug‘ilgan 46 yoshli M.K. bo‘lib (muqaddam uch marotaba javobgarlikka tortilgan), 10-iyun kuni savdo qoidalarini buzayotgani sababli Chirchiq shahar Davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan berilgan ogohlantirishlariga nisbatan o‘zining norozilik harakatlarini shu kabi namoyish qilish orqali bildirishga uringani aniqlangan.

Toshkentdagi ko‘chalarning birida erkak jasadi topildi

Toshkent shahrida ko‘chalarning birida erkak jasadi topildi. Ma’lum qilinishicha, 1-iyul kuni soat 06:03 larda Toshkent shahar IIBB 102 maxsus raqami orqali tushgan xabarga ko‘ra, Bektemir tumani, “Bektemir” mahallasi, Oltintopgan ko‘chasi, 4-uy qarshisida gazon ustida noma’lum erkak kishining jasadi qonga belangan holda yotgan.

Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida voqea sodir bo‘lgan joyga tergov-tezkor guruhi va tuman rahbarlari yetib borgan. Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida jasad Samarqand shahrida doimiy ro‘yxatda turuvchi, 1984-yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli ekani aniqlangan.

Dastlabki xulosaga ko‘ra, murdaning ikkala qo‘lining bilak qismlarida, bo‘yin qismida hamda chap oyog‘i son qismida kesilgan jarohatlari aniqlanib, ushbu tan-jarohatlarni o‘ziga o‘zi yetkazgan bo‘lishi mumkinligi ehtimoldan xoli emasligi to‘g‘risida ko‘rsatib o‘tilgan. Voqea joyida olib borilgan surishtiruv ishlari davomida jasad yotgan joydan 1 dona lezviya qon dog‘lari bilan topilib, rasmiylashtirib olingan.

Yuk mashinasi yo‘lovchilarni tushirayotgan avtobusga kelib urildi

Ijtimoiy tarmoqda Sirdaryoda avtobus va yuk mashinasi ishtirokida YTH sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat IIB hodisa yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yil 28 iyun kuni soat 12:30 larda Sirdaryo tumani "Ziyokor" MFY hududidan o‘tuvchi yo‘lda Termiz-Toshkent yo‘nalishida ISUZU rusumli yuk avtomobili shu yo‘nalishda yo‘lning o‘ng tomon qismida yo‘lovchilarni tushirish uchun to‘xtab turgan ISUZU rusumli yo‘lovchi tashuvchi avtobusni orqa qismidan urilgan. Qayd etilishicha, avtobus ichida 14 nafar yo‘lovchi ham bo‘lgan.

Natijada, "avtobus salonida bo‘lgan 1 nafar yo‘lovchi jarohat olib, Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

Теги :
Жамият