“Qora dayjest”: 2024-yil 30-iyun voqealari
Qamchiq dovonida yuk mashinasi yonib ketdi, Andijonda fuqaroni temir bilan kaltaklagan shaxslar ushlandi, to‘rtta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘ldi — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Qamchiq dovonida yuk mashinasi yonib ketdi
30-iyun kuni soat 00:45 da Qamchiq dovonidan o‘tuvchi A-373 avtomobil yo‘lining 268-kilometrida yuk mashinasida yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Qamchiqavtoyo‘l” unitar korxonasi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, vodiydan Toshkent shahriga tomon harakatlangan Iveco yuk mashinasi haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan, so‘ngra YPX maskanidagi beton to‘siqqa urilgan va yonib ketgan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Avtotransport vositalari ikki tomonlama xavfsiz harakatlanmoqda, deyiladi xabarda.
Andijonda fuqaroni ayovsiz kaltaklagan shaxslar ushlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda bir guruh shaxslar bir kishini temir bo‘lagi va bitalar bilan kaltaklayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB axborot xizmati munosabat bildirdi.
Unda aytishicha, internentda tarqalgan holat bo‘yicha jinoyat sodir etishda gumonlanayotgan barcha shaxslar ushlangan.
Ularga nisbatan Xo‘jaobod tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-modda 2-qismi “i” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qayd etilishicha, hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan shaxslarga nisbatan jazoning muqararligi ta’minlanadi”, deyiladi munosabatda.
To‘rtta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
Andijon viloyati Marhamat tumanida to‘rtta mashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024-yil 29-iyun kuni sodir bo‘lgan.
Shu kuni soat 20:50 larda, Marhamat tumani “Gar-Gar” MFY hududidan o‘tgan 4R-138 avtomobil yo‘lida 24 yoshli haydovchi ikkinchi darajalai yo‘ldan asosiy yo‘lga keskin chiqqan va asosiy yo‘ldan kelayotgan Matiz bilan to‘qnashgan.
Shunda Matiz haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan va qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib ro‘paradan kelayotgan Nexia va Tracker mashinalari bilan to‘qnashgan.
Ushbu YTH oqibatida, Matiz haydovchisi tan jarohati olib, tuman shifoxonasiga murojaat qilgan. Shuningdek to‘rt transport vositasi ham texnik shikastlangan.
Fuqarolarga soxta to‘pponcha o‘qtalib, video olgan bloger 5 sutkaga qamaldi
Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida fuqarolarga coxta to‘pponcha o‘qtalib, video olgan blogerga nisbatan sud hukmi o‘qildi, deya xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi.
Ma’lum qilinishicha, bloger Qo‘qon shahrida joylashgan klublarning birini reklama qilish maqsadida soxta to‘pponchani fuqarolarga o‘qtalgan va buni videoga olgan. So‘ngra videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylagan va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Holat bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.



