$
 12790.12
-4.9
 13936.11
42.0
 130.03
-1.59
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 5-noyabr voqealari

Qora 5-noyabr

Hokim o‘rinbosari pora bilan ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Dehqonobod tumani hokimining o‘rinbosari tumandagi Qorashina shaharchasini obodonlashtirish doirasida qurilgan ob’yektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasiga imzo qo‘yish evaziga tuman hokimligining ma’muriy binosi yonida 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur ob’yektdagi kamchiliklarni solishtirma dalolatnoma rasmiylashtirish yo‘li bilan bartaraf etib berish evaziga 15 mln. so‘m olgan vaqtida Qashqadaryo viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi yetakchi mutaxassisi ham qo‘lga olindi.

Shoir Mansur Jumayev 33 yoshida vafot etdi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, iste’dodli shoir Mansur Jumayev vafot etdi. Bu haqda uyushma matbuot xizmati xabar berdi.

Mansur Jumayev 1991-yil 17-fevralda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. Shoirning “Oq orzularim”, “Hayrat qo‘shiqlari”, “Biz kutgan fasl”, “Hazrati ishq” nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

Xorazmda aholining ichimlik suvi uchun to‘lagan pullari talon-toroj etildi

Xorazm viloyatida ichimlik suvi uchun to‘lov qilingan mablag‘larni o‘zlashtirish holatlari fosh etildi. 

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Urganch, Qo‘shko‘pir, Xiva, Xonqa va Gurlan tumani bo‘limlari tomonidan tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Unda “X.S.T.” AJning ushbu tumanlar filiali mas’ul shaxslari iste’molchilar tomonidan ichimlik suvi uchun to‘lov qilingan jami 380 mln so‘m mablag‘larini bank hisob raqamlariga kirim qilmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Buvi va nevara 6,7 kg tillani yashirincha olib o‘tayotgani aniqlandi

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan «Malik» chegara o‘tkazish punktida yirik miqdordagi qimmatbaho zargarlik buyumlarini noqonuniy ravishda olib kirishga bo‘lgan urinish fosh qilindi.

Bojxona punkti orqali harakatlanayotgan fuqarolardan biri xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, ichki kiyimlari orasidan oyoqlarining yuqori qismiga 19 dona o‘ram yashirganligi aniqlandi.

Mazkur o‘ramlar belgilangan tartibda ochib ko‘rilganida ularning ichida 9 turdagi 468 dona qimmatbaho metalldan yasalgan va brilliant toshlar bilan bezatilgan zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.

Qarang-ki, ushbu shaxs zargarlik buyumlarini yashirincha olib o‘tishda yonidagi 14 yoshli nevarasidan ham foydalanishga uringan. Voyaga yetmagan ushbu shaxs ham belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, uning ham ichki kiyimlari orasiga 12 dona o‘ram yashirilgani aniqlandi. Mazkur o‘ramlarda esa 8 turdagi 454 dona taqinchoqlar borligi ma’lum bo‘ldi.

Shunday qilib, bojxona nazoratidan yashirilgan jami 922 dona tilladan yasalgan brilliant toshlar o‘rnatilgan zargarlik buyumlarining umumiy og‘irligi 6,7 kg.dan oshmoqda, umumiy qiymati esa 5,6 mlrd. so‘mni tashkil qilmoqda.

“Qamchiq” dovonida yuk avtomobili yonib ketdi

Bugun, 5-noyabr kuni soat 13:30 larda “Qamchiq” dovoni hududidan o‘tuvchi A-373 avtomobil yo‘lining 258-kilometrida «Toshkent-Vodiy» yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan yuk avtomobilining nosoz old g‘ildiragi chiqib ketishi natijasida yong‘in chiqqan.

Hodisa natijasida tan jarohati olganlar yo‘q. Voqea joyida “Qamchiq” dovoni bo‘yicha YPX otryadi va FVV xodimlari holatni to‘liq nazoratga olishgan.

Ushbu yo‘nalishda harakat vaqtinchalik to‘xtatilgan. Yong‘in o‘chirilgach harakat zudlik bilan ochiladi, deyiladi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabarida.

Теги :
Jamiyat