$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 3-oktyabr voqealari

Qora 3-oktyabr

Qorako‘lda sodir bo‘lgan mudhish avariyada bir o‘quvchi halok bo‘ldi

Qorako‘l tumanida sodir bo‘lgan mudhish avariya oqibatida bir nafar o‘quvchi qiz vafot etdi. Qorako‘l tuman IIB mas’ul xodimining bildirishicha, ikkinchi o‘quvchi tan jarohati bilan tuman markaziy kasalxonasiga yotqizilgan.

Holatga ko‘ra, joriy yilning 2-oktyabr kuni tonggi soat 05:50 larda Qorako‘l tumanining Tojikent mahallasi hududidan o‘tuvchi qatnov yo‘lida avtoavariya sodir bo‘lgan. Bunda tumandagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 2 nafar bitiruvchi sinf o‘quvchi qizlari repetitorga ketayotib, yo‘lning piyodalar o‘tish joyini kesib o‘tishayotganda, mudhish to‘qnashuvga duch kelishgan.

Yo‘l transporti hodisasi oqibatida o‘quvchi qizlardan biri voqea sodir bo‘lgan joyda vafot etgan. Ikkinchi o‘quvchi esa tan jarohati bilan tuman markaziy kasalxonasiga olib ketilgan. Ayni paytda davolanayotgan qizga tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda va shifokorlarning nazoratida.

Piskentda ko‘prik yuk mashinasini ko‘tara olmadi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Piskent tumanidagi ko‘prik qulab tushgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat YHXB holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, 2-oktyabr kuni soat 20:00 larda 1987-yilda tug‘ilgan fuqaro Howo yuk mashinasini boshqarib ketayotgan vaqtda ko‘prik o‘pirilgan. Oqibatda yuk mashinasining tirkamasi kanalga tushib ketgan.

YTH sodir bo‘lgan vaqtda ko‘prikda fuqarolar bo‘lmagan. Haydovchining sog‘lig‘iga ziyon yetmagan. Hozirda holat yuzasidan tegishli organ xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Qamchiq” dovonida “Epica” atomobilida taqiqlanuvchi moddalar aniqlandi

2024-yil 2-oktyabr kuni soat 11:50larda “Chinor” YPX maskanida YHXX “Qamchiq” dovoni bo‘yicha YPX otryadi xodimlari tomonidan "Vodiy-Toshkent" yo‘nalishida harakatlanib kelgan “Epica” rusumli avtomobil to‘xtatilganda, ushbu avtomobil salonida bo‘lgan yo‘lovchi, 1982-yilda tug‘ilgan O.M. turli xatti-harakatlari bilan xodimlarda shubha uyg‘otgan.

Xolis va guvohlar ishtirokidagi tekshiruv davomida O.M.ga tegishli sumka ichida psixotrop dori vositalari mavjudligi aniqlangan.

Holat yuzasidan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, aniqlangan dori vositalari hamda fuqaro O.M. Ohangaron tumani IIBga topshirilgan.

Qariyb 192 mln. so‘mlik “svet”dan noqonuniy foydalangan umumiy ovqatlanish shoxobchasi aniqlandi

Yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq holatlarni fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Namangan viloyati Mingbuloq tumanidagi “U.S.G.S” MCHJ rahbari B.O. va boshqalar jamiyatga qarashli umumiy ovqatlanish shoxobchasidagi elektr tarmog‘iga hisoblagichdan tashqari o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan.

Oqibatda “svet”dan tijorat maqsadida noqonuniy foydalanib, 191,9 mln. so‘mlik 71,1 ming kVt/soat elektr energiyasi o‘g‘irlangan.

Mazkur holat yuzasidan jamiyat rahbari B.O. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxslar protsessual tartibda ushlangan.

41 yoshli erkak 4 yoshli qizni zo‘rlamoqchi bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida 41 yoshli shaxs yosh qizchani zo‘rlagani, mahalliy aholi uni ushlaganida yonidan giyohvandlik moddasi topilgani haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2-oktyabr kuni Yangiyo‘l shahrida yashovchi fuqaro shahar IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, noma’lum shaxs 2020-yilda tug‘ilgan I.M.ga nisbatan g‘ayritabiiy usulda zo‘rlik ishlatgani haqida ma’lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida gumonlanuvchi shaxs 1983-yilda tug‘ilgan fuqaro B.D. ekani aniqlangan.

Shuningdek, o‘rganishlar jarayonida gumonlanuvchi B.D.ning yonida 15 gramm giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, uning Yangiyo‘l tumani hududida joylashgan yashash xonadoni xolislar ishtirokida tekshirilgan.

FVV qutqaruvchilari chuqurga tushib ketgan shaxs chiqarib oldi

Joriy yilning 2-oktyabr kuni soat 21:45 da Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani G‘azalkent shahar FVBga, Bo‘stonliq tumani Tovoqsoy qo‘rg‘oni “Yoshlik” mahallasida joylashgan uylardan biridagi chuqurga bir nafar fuqaro ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketganligi bo‘yicha xabar kelib tushgan.

Xabarga asosan FVV qutqaruvchilari zudlik bilan joyiga yetib borib, zaruriy qutqaruv anjomlari yordamida fuqaroni chuqurdan chiqarib olgan va birinchi yordam ko‘rsatilgan.

Hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi va shifokor nazoratida.

Теги :
Jamiyat